O‘zbekiston | 12:05 / 17.05.2023
8101
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda sholi maydonlarini faqat chekka hududlarda joylashtirish rejalashtirilyapti

Vazirlar Mahkamasining “Suv tanqisligi sharoitida Qoraqalpog‘iston Respublikasida sholi ekinlarini oqilona joylashtirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti barqarorligiga erishish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilning avgust-sentabr oylarida o‘tkazilgan tekshirishlarda 19 ming 45,6 gektar yer maydonlariga noqonuniy sholi ekilganligi, ushbu yer maydonlariga 304 mln m3 suv shartnomasiz limitdan ortiq yetkazib berilganligi, oqibatda 977 gektar aholi tomorqalariga hamda 111 ming gektar boshqa ekinlarga suv yetib bormasdan, aholi, fermer va dehqonlar manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganligi, milliardlab suv soliqlari undirilmasdan qolganligi aniqlangan.

Mazkur qaror loyihasi bilan quyidagi asosiy talablar belgilanmoqda:

- sholi ekilmaydigan boshqa tumanlarda norozilik kelib chiqishining oldini olish, suv talon-torojligiga chek qo‘yish maqsadida sholi ekin maydonlarini faqat chekka hududlar – Bo‘zatov, Mo‘ynoq va Taxtako‘pir tumanlariga joylashtirish;

- ushbu tumanlarda belgilangan shartnoma asosida sholi ekishga boshqa hududdagi dehqon va fermer hamda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchi boshqa tashkilotlarga (korxona, muassasa, klaster, birlashma va kooperatsiyalar) ham imkon yaratish maqsadida tanlov komissiyasi tuzish;

- belgilangan hududlarda noqonuniy sholi ekilishining oldini olish bo‘yicha tuman ishchi guruhlari va respublika shtabini tuzish;

- xalqimizning guruch mahsulotlariga bo‘lgan talabini inobatga olgan holda hajmini 20 ming gektargacha qat’iy chegaralash;

- oziq-ovqat xavfsizligini real ta’minlash maqsadida “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining don qabul qilish tashkilotlariga imtiyozli kreditlar ajratish hamda olingan hosilning 25 sentnerini mazkur tashkilotlarga topshirish bo‘yicha fermerlar bilan shartnomalar tuzish.

Mavzuga oid