Ukraina razvedkasi bosh boshqarmasi (URBB) ko‘plab rus targ‘ibotchilarini «jazolashga» muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda boshqarma boshlig‘i Kirill Budanov «Raznyye lyudi» loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Shuningdek, u «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin haqiqatni gapirayotganini, Aleksandr Lukashenko esa rossiyaliklarni Belarus hududidan hujum qilishiga qarshi kurashayotganini aytdi.
«Ular kimning nishonlari?»
«Raznyye lyudi» loyihasi rahbari Valeriy Savchuk Kirill Budanovdan rossiyalik media shaxslarga uyushtirilgan suiqasdlar haqida so‘radi. «Solovyov, Dugin, Simonyan - ular kimning nishoni?» dedi u.
«Ularning ko‘pchiligini allaqachon «jazoladik». Shunday holatlar borki, darhol ommaga ayon bo‘lmoqda. Ularning ko‘pchiligini «jazolaganmiz»...» dedi Budanov.
URBB rahbari o‘z xodimlarining yozuvchi, «LXR» qurolli tuzilmalarining faol tarafdori Zaxar Prilepinning hayotiga suiqasd qilinishiga aloqasi borligiga aniqlik kiritmadi.
«Agar siz shaxslar haqida so‘rasangiz, men har qanday jahon razvedkasi kabi an’anaviy tarzda javob berishim kerak: biz bu holatga izoh bera olmaymiz, ma’lumotni tasdiqlamaymiz, inkor ham qilmaymiz», dedi Budanov.
2022 yil 20 avgust kuni Moskva viloyatida faylasuf va «rus dunyosi» mafkurachisi Aleksandr Duginning qizi Darya Duginaning mashinasi portlab ketdi. Keyinchalik, Kirill Budanov Darya Duginaning o‘ldirilishiga aloqadorligi haqidagi savolga javob berar ekan, o‘zining xodimlari Ukrainaning to‘liq g‘alabasiga qadar dunyoning istalgan nuqtasida ruslarni o‘ldirganini va o‘ldirishga tayyorligini aytdi. AQSh Davlat departamenti bu bayonotni tanqid qildi.
2023 yil 2 aprelida targ‘ibotchi Vladlen Tatarskiy Sankt-Peterburgdagi kafeda halok bo‘ldi. Uning qo‘lida Darya Trepova sovg‘a qilgan haykalcha portlab ketdi.
2023 yil 6 may kuni Nijniy Novgorod viloyatida Zaxar Prilepinning mashinasi portlab ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum shaxs «Rus dunyosi»ning faol tarafdori avtomobili harakatlanadigan yo‘nalishga mina o‘rnatgan. Prilepin jarohat oldi, uning haydovchisi vafot etdi. Qotillikda gumon qilinib, Nijniy Novgorod shahrida yashovchi Aleksandr Permyakov va yana bir erkak qo‘lga olindi. Permyakov go‘yoki Ukraina maxsus xizmatlari ko‘rsatmasi bo‘yicha ishlagani, yo‘lga bomba o‘rnatgani va uni masofadan turib portlatganini tan oldi.
Ukraina rasmiylari suiqasdda rossiyalik partizanlar ishtirok etganini bir necha bor ta’kidladi. Ammo Kirill Budanov o‘z intervyusida Rossiyada birlashgan partizan tashkiloti yo‘qligini aytdi.
















