O‘zbekiston | 10:19 / 19.05.2023
5680
3 daqiqa o‘qiladi

Avtotransportni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibiga qo‘shimcha kiritiladi

Foto: autostat.ru

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining “Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Prezidentning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasini “insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni 11-bandida 2023 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma amal qilish muddati davomida chet el fuqarolari xorijdan olib kelingan shaxsiy avtotransport vositasini olib chiqib ketish muddatini uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan yig‘imni to‘lashdan ozod etilishi tasdiqlangan.

Mazkur qaror loyihasi bilan Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi qarori bilan tasdiqlangan Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 20-bandiga quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda:

O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma mavjud bo‘lgan hollarda tasdiqnomaning amal qilish muddati davri uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan yig‘imni to‘lashdan ozod etish;

20-band beshinchi xatboshida nazarda tutilgan holat bo‘yicha chet el fuqarolari O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma muddati yakunlanguniga qadar respublika hududidan avtotransport vositasini olib chiqib ketmagan yoki bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash uchun bojxona organlariga murojaat qilmagan taqdirda, nizom 16-bandida ko‘rsatilgan yig‘imni bir kalendar yil davomida to‘qson kalendar kundan ortiq muddat uchun to‘liq undirish.

Mavzuga oid