So‘nggi paytlarda Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonning hibsga olinishi fonida mamlakatda yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bundan bir yil avval Pokiston parlamenti Imron Xonga nisbatan ishonchsizlik votumini e’lon qilib, muddatidan oldin bosh vazir lavozimidan chetlatgan eli. Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, siyosiy vaziyat hamon barqarorlashgani yo‘q.

Sobiq bosh vazir joriy yil 9 may kuni hibsga olindi. Shundan keyin mamlakatda namoyishlar boshlandi. 11 mayda Imron Xon sudning qarori bilan ozodlikka chiqarildi. Lekin namoyishchilar bu bilan to‘xtab qolmadi, chunki sobiq rahbarga qarshi ochilgan sud ishi hali ham davom etmoqda. Ish xorijiy davlat mulozimlaridan sovg‘alar olish va ularni sotish bilan bog‘liq.

Imron Xonning mamlakat bosh vaziri lavozimidan ozod qilinishi, u 2022 yilning 23 fevralida, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan bir kun avval Moskvaga safar qilganidan ko‘p o‘tmay ro‘y bergan edi.

Kun.uz siyosiy fanlar doktori, professor Aktam Jalilov bilan Pokiston atrofidagi geosiyosiy o‘yinlar va “qizil chiziqlar”ni bosib o‘tgan Imron Xon haqida suhbatlashdi.

— Bugun Pokistondagi namoyishlar faqatgina sobiq bosh vazirning hibsga olinishi tufayli yuz berdimi yoki mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni shu darajaga olib kelgan boshqa omillar ham mavjudmi?

— Bugungi kunda Pokistonda yuz berayotgan siyosiy bo‘ronlar Imron Xonning hibsga olinishi bilan bog‘liq. Albatta, bu jarayonlarning o‘ziga xos tarixi mavjud va buni mamlakatning siyosiy rivojlanishi bilan ham bog‘lash mumkin. Biz Pokistonning bugungi holatiga baho berish uchun uning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va harbiy sohalariga nazar tashlashimiz kerak. Ma’lumki, Pokiston mustaqillikka erishganidan beri ma’lum bir siyosiy guruhlar tomonidan boshqarib kelinmoqda, bu guruhlar harbiylar hamda yirik oilalar hisoblanadi. Shuning uchun sobiq bosh vazirning hibsga olinishi yoki o‘tgan yilning aprel oyida uning ishonchsizlik votumi orqali hokimiyatdan ag‘darilishi, uning o‘rniga yana bir sobiq bosh vazir Navoz Sharifning ukasi Shahboz Sharif kelishi va 2023 yilning kuzida o‘tkazilishi kutilayotgan saylovlar bilan ham bog‘liq.

— Imron Xonning hokimiyat tepasiga kelishida armiyaning roli katta ekaniga ishoniladi. Agar shunday bo‘lsa, nega harbiylar yoki boshqa hukumat vakillari uning boshqaruvda qolishini qo‘llab-quvvatlamadi?

— Biz shu o‘rinda 2022 yilning kuzida AQSh prezidenti Jo Baydenning Pokiston haqida bildirgan yadro quroli bilan bog‘liq fikrini eslashimiz kerak. Bayden Pokistonni yadro quroliga ega eng xavfli davlat deb atagan va bu fikr Pokiston rahbariyatining noroziligiga sabab bo‘lgandi. Lekin ko‘p o‘tmay, AQSh Davlat departamenti Pokistonning yadroviy dasturini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qiladi. Bundan xulosa qilish mumkinki, Pokistonda harbiylar mamlakatning nafaqat tashqi siyosati, balki ichki siyosati va iqtisodiy taraqqiyotiga ham katta ta’sir ko‘rsata oladigan kuch hisoblanadi.