Jahon | 13:13 / 23.05.2023
10535
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada «reyxsbyurgerlar»ga aloqador yana 3 kishi qo‘lga olindi

Qo‘lga olinganlar Reys zodagonlari oilasidan bo‘lgan shahzoda boshchiligidagi terrorchilik tarmog‘iga aloqador ekani taxmin qilinmoqda. Uchalasi ham terrorchilik guruhiga aloqadorlikda gumonlanmoqda. 

Foto: AP

Germaniya Federal jinoiy ishlar boshqarmasi (BKA) xodimlari 22 may, dushanba kuni kechqurun Reys zodagonlaridan bo‘lgan frankfurtlik tadbirkor Genrix XIII boshchiligidagi «reyxsbyurgerlar» guruhiga aloqadorlikda gumon qilingan ikki erkak va bir ayolni qo‘lga olishdi. Bu haqda Karlsruedagi Federal prokuratura 23 may kuni e’lon qildi. 

Qo‘lga olingan Yoxanna F.-Y. va Hans-Yoaxim X. Baden-Vyurtemberg federal yeridan, Shteffen V. esa Quyi Saksoniyadan, deya aniqlik kiritdi idora. Uchalasi ham terrorchilik guruhiga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. 

Shteffen V. bir kun oldin sudga keltirildi va hibsga olindi. Yana ikki nafar qo‘lga olinganlarning ehtiyot chorasi 23 may kuni e’lon qilinadi. 

Reys shahzodasi, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada harbiy kuch ishlatish va demokratik tuzumni bekor qilish orqali davlat to‘ntarishini rejalashtirgan «reyxsbyurgerlar» ekstremistik guruhining yetakchisi deb hisoblanadi. 

17 may kuni Germaniyada hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashni rejalashtirganlikda va Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbaxni o‘g‘irlab ketishda gumon qilinayotgan «reyxsburgerlar» ustidan sud jarayoni Koblens oliy mintaqaviy sudida boshlangandi. 

44 yoshdan 56 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar erkak va 75 yoshli ayol terrorchi tashkilot tuzish yoki unda qatnashish, shuningdek, federal hukumatga qarshi harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanmoqda.

Sudning birinchi kunida ayblov xulosasi o‘qildi. 2022 yil aprelida to‘rt nafar erkak, oktyabr oyida tergov tomonidan guruh rahbari deb hisoblangan ayol qo‘lga olingan. Ularning barchasi hibsda. 

Federal prokurorlarga ko‘ra, fitnachilar hukumatni ag‘darish bo‘yicha uch bosqichli reja ishlab chiqqan. Birinchi qadam sifatida Germaniya bo‘ylab elektr tizimlarini kamida ikki haftaga ishdan chiqarish, keyin esa Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbaxni qurol bilan o‘g‘irlab ketish rejalashtirilgan edi, deydi prokurorlar.

Xabar qilinishicha, gumonlanuvchilar «fuqarolar urushiga o‘xshash shart-sharoitlar» yaratmoqchi bo‘lgan va hukumatni ag‘darish, yangi «rahbarlar»ni tayinlash uchun Berlinda yig‘ilish o‘tkazishni rejalashtirgan. Bu rejalardan hech narsa chiqmadi - qurol sotib olayotganda gumondorlar yashirin xavfsizlik xodimiga duch kelgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid