Dam olish kunlari «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin Baxmut to‘liq ishg‘ol etilgani haqida e’lon qildi. «Biz butun shaharni egallab oldik. Keyin kimdir qaysidir parcha olinmay qolib ketganini aytib chiqmasin deb uyma-uy yurib chiqdik», degan u.

Prigojin shuningdek, yollanma kuchlarini «dam olish va qayta tayyorlanish» uchun shahardan olib chiqishini, ularning pozitsiyalarini Rossiya muntazam armiyasi bo‘linmalariga topshirish rejalashtirilganini aytgan.

Baxmut egallangani haqida Rossiya mudofaa vazirligi ham bayonot bergan. Prezident Vladimir Putin esa vagnerchilarni ham, professional harbiylarni ham tabriklagan.

«Rossiya davlat televideniyesi Baxmutning ehtimolli egallanganini hal qiluvchi tarixiy voqeadek ko‘rsatib, shahar qo‘lga olinishi Rossiyaning Slovyansk (Baxmutdan 41 km shimoli-g‘arbda), Kramatorsk (Baxmutdan 35 km shimoli-g‘arbda) va hatto Dnipro (Baxmutdan taxminan 215 km g‘arbda) shaharlarini egallash bo‘yicha amaliyotlari muvaffaqiyatiga hissa qo‘shishini ma’lum qildi. Kreml, katta ehtimol bilan Baxmutning egallanishini tarixiy g‘alaba sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda, chunki ular Ukrainada hali ham taktik muvaffaqiyatga erisha olmadi», deyilgan Amerika Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) hisobotida.

Kiyev Baxmut rossiyaliklar qo‘liga o‘tgani haqidagi ma’lumotni rad etmoqda. Seshanba kuni ham Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Ukraina qurolli kuchlari hamon shaharning janubi-g‘arbiy qismini nazorat qilayotgani, shahar atrofida esa janglar davom ettirilayotganini aytdi.

«Baxmutdan shimol va janubdagi qanotlarda biroz oldinga siljidik», degan Anna Malyar.

Ukraina QK quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Sirskiy esa shaharga kirgan vagnerchilarni «qopqonga tushgan kalamushlar»ga o‘xshatgan. «Prigojin Baxmutdan sichqon tutadigan qopqon yopilishidan oldinroq qochib qolishni va qopqonga RF muntazam qo‘shinlari tushishini xohlaydi. Keyin esa Rossiya muntazam armiyasi Baxmutni ushlab qololmaganini aytib yurish uchun», deb hisoblaydi harbiy ekspert, New Geopolitics Research Network tadqiqot markazi direktori Mixail Samus.

Baxmut nimasi bilan muhim?

O‘tgan yil yozida, Rossiyaning Popasnaya, Severodonetsk va Lisichanskni egallash bo‘yicha amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgach, Baxmut umumiy strategik reja nuqtayi nazaridan qiziqish uyg‘otadi. Rossiya qo‘mondonligi hisob-kitoblari sharqdan «Vagner» XHK yollanmachilari va Rossiya bo‘linmalari, shimoli-g‘arbdan Izyum guruhi kuchlari Slovyansk va Kramatorsk sari harakatlanib, bir nuqtada uchrashishiga asoslangandi.