2011 yil Yaqin Sharq mintaqasining bir nechta davlatlarida norozilik namoyishlari ortidan inqiloblar yuz berdi. Bu voqealar tarixga Arab bahori nomi bilan yozildi. Suriya esa global kuchlarning to‘qnashuv poligoniga aylandi va Arab davlatlari ligasidan chiqarib yuborildi.

Oradan 12 yil o‘tib, Bashar Asad tashkilot uchrashuviga yana taklif qilindi. Kun.uz muxbiri siyosatshunoslar Habibullo Azimov va Kamoliddin Rabbimov bilan Suriya inqirozi, Yaqin Sharq mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat haqida suhbatlashdi.

— Arab davlatlari ligasi aslida nima maqsadda tuzilgan edi va tashkilot a’zolari nega Suriyani avval yakkalab, keyin yana tashkilotga qaytarishga qaror qilishdi?

Habibullo Azimov: Avvalambor, dunyo siyosiy xaritasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda 22 ta arab davlati mavjud. Ular 13 mln kv km yer maydoniga va 370 mln aholiga ega. Bu mamlakatlar strategik va resurs nuqtayi nazaridan eng unumli mintaqalarda joylashgan. Ularni birlashtirib turuvchi tashkilot esa – Arab davlatlar ligasi (Arab birligi)dir.

Tashkilotning tarixiga qaraydigan bo‘lsak, unda dastlab Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan 1934 yilda Iroq qirolligi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi. Keyinchalik, 1944 yilda Misrda Iskandariya protokoli tuziladi, shundan keyin Qohirada Misr, Saudiya Arabistoni va Suriya kabi mamlakatlar ishtirokida rasman Arab davlatlari ligasi tashkil qilinadi.

Tashkilot 22 ta Arab davlati o‘rtasida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy aloqalarni rivojlantirish, ularning mavjud muammolarini birgalikda hal qilish, hududiy daxlsizlikni ta’minlash, ichki va tashqi xavflarning oldini olish masalalarida bir-birlariga ko‘maklashish maqsadida tuzilgan.

Kamoliddin Rabbimov: O‘zlik eng katta ittifoqlar yoki ziddiyatlarga asos bo‘lgan. Arab davlatlar ligasi zamirida bitta o‘zlik turadi, ya’ni bu davlatlarning barchasi arab tilida gaplashadi va aholisining asosiy qismi musulmonlar. Ikkita fundamental omil: til va o‘zlikning kelib chiqishi hamda din, bu albatta, eng katta integrator va ularni birlashtiruvchi asosiy omil. Bu ularda bir tomondan umumiy dunyoqarashni shakllantiradi, ikkinchi tomondan esa ularning birlashuvini taqozo etadi.

Globallashgan dunyoda arab davlatlari juda katta inqirozlarni boshdan kechirdi, xususan, 1947 yilda Yaqin Sharqda Isroilning qaytadan tashkil topishi. Bu davlatning qaytadan tashkil topishi, deyishimning sababi – tarixda o‘sha hududlarda chindan ham yahudiy qabilalari mavjud bo‘lgan. Islom dini paydo bo‘lgan vaqtda u yerda Isroil davlati bo‘lmagan, ya’ni tarixiy Isroilning yo‘q bo‘lib ketishida musulmonlarning qo‘li yo‘q, bu aslida xristian dinining sivilizatsiyasi bilan bog‘liq. 1947 yilda Isroil tashkil topganidan keyin, arab davlatlari katta-katta inqirozlarni boshdan kechirdi, bu davrda Arab ligasi asosiy koordinator rolini o‘ynadi.