Sport | 07:23 / 28.05.2023
44994
2 daqiqa o‘qiladi

JCh U-20. O‘zbekiston yoshlar jamoasi 1/8 finalda Isroil bilan o‘ynaydi

Nimchorak final o‘yini 30 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Foto: O‘FA

Argentinada bo‘lib o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 3-tur doirasidagi navbatdagi o‘yinlardan keyin O‘zbekiston vakillarining pley-offdagi ilk raqibi ma’lum bo‘ldi.

S guruhida Kolumbiya Senegal bilan durang o‘ynadi (1:1) va peshqadam sifatida pley-off bosqichga chiqdi. Yaponiya esa 68-daqiqada kamchilikda qolgan Isroilga yutqazib qo‘ydi (1:2). 

Natijada ushbu guruhda 2-o‘rinni egallagan Isroil O‘zbekistonning 1/8 finaldagi raqibiga aylandi. Jamoalar o‘rtasidagi bellashuv 30 may kuni bo‘lib o‘tadi.

A guruhida ishtirok etgan Ravshan Haydarov shogirdlari dastlabki turda mezbon Argentinaga qarshi o‘yinda hisobni ochganiga qaramay, yutqazdi (1:2), keyin Yangi Zelandiya bilan o‘yinda 2 to‘p farqi bilan ortda bora turib durangga erishdi (2:2), so‘nggi turda esa guruh autsayderi Gvatemalani osonlik bilan mag‘lub etib (2:0), keyingi bosqich masalasini hal qildi.

Lekin o‘sha o‘yinda o‘zbekistonliklar jamoasi sardori Umarali Rahmonaliyev guruh bosqichida ikkinchi sariq kartochkasini oldi va pley-off o‘yinini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. 

D guruhida Braziliya Nigeriyani mag‘lub etdi (2:0), Italiya Dominikandan ustun keldi (3:0). Bu guruhdan Braziliya, Italiya va Nigeriya nimchorakfinalga yo‘llanma oldi.

JCh U-20. 3-tur. 27 may
S guruhi

Yaponiya — Isroil 1:2
Gollar: Sakamoto (45+1) — Navi (76), Senior (90+2). 
Chetlatish: Binyamin (68). 

Kolumbiya — Senegal 1:1
Gollar: Kortes (90+5) — Kamara (30). 

D guruhi
Braziliya — Nigeriya 2:0
Gollar: Pedroso (43), Markinos (45+2). 

Dominikan — Italiya 0:3
Gollar: Kazadei (19, 84), Ambrozino (50).

Mavzuga oid