Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy 27 may kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «O‘zimiznikini qaytarish vaqti keldi» so‘zlari bilan post qoldirdi. Katta ehtimol bilan, bu so‘zlar ukrain armiyasi anchadan buyon va’da qilinayotgan qarshi hujumni boshlashga tayyorligini ko‘rsatadi.

Ayni vaqtda bu amaliyot uchun maxsus shakllantirilgan 20 ga yaqin brigada oldingi chiziqda shay holatda turganini ko‘rsatuvchi hech qanday ma’lumot yo‘q. Ukraina qurolli kuchlarining so‘nggi kunlardagi harakatlarini hujumga tayyorgarlik tadbirlari sifatida qabul qilish mumkin. Bunday amaliyotlardan biri ukrain razvedkasiga aloqador bo‘lgan rus natsionalistlari guruhlari Belgorod oblastiga bostirib kirishi bo‘ldi. Shunga o‘xshash boshqa bir amaliyot Rossiya tomoni 20 may kuni egallab olinganini e’lon qilgan Baxmut shahri atrofida olib borilmoqda.

Baxmut

  • «Vagner» XHK 20 may kuni shaharning janubi-g‘arbiy chiqish qismidagi ko‘p qavatli uylardan iborat kvartalni — aholi tomonidan Samolyot rayoni yoki Bugor (ruschadan tarjimada do‘nglik) — egallab olganidan keyin, ukrain qo‘shini chekindi va shahar chekkasiga o‘rnashdi. Bugorning o‘zida nimalar bo‘layotgani oxirigacha ayon emas: shaharning janubi-g‘arbiy chekkasidagi (ko‘p qavatli uylardan 300 metr masofada) „Ekoprodukt“ oziq-ovqat korxonasi binosi Rossiya kuchlari nazoratiga o‘tganini tasdiqlovchi fakt baribir paydo bo‘lmadi. Rossiyaliklarning bu hududdan tarqatgan barcha videolarida vagnerchilar ushbu binodan bir necha yuz metr masofada harakatlanishi aks etgan.
  • Baxmutning janubiy va g‘arbiy chekkalarida Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari shahardagi birinchi uylardan bir necha yuz metr masofada joylashgan. Rossiya kuchlari front chizig‘ini Baxmutdan uzoqlashtirishga harakat qiladimi, yo‘qmi, bunisi tushunarsiz: ukrain pozitsiyalarida olingan videolarda o‘qotar qurollar ishga tushgani eshitiladi, shuningdek ukrain artilleriyasi shahar bo‘ylab zarba berishda davom etayotgani ko‘rinadi.
  • Baxmut frontida qanotlardan hujum qilish amaliyoti so‘nggi kunlarda to‘xtab qoldi — Ukraina qo‘mondonligi bu amaliyotni «Baxmutni qurshab olish bo‘yicha amaliyot» sifatida taqdim etishga uringandi. Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari bu yo‘nalishdagi hujumlar to‘xtab qolishini e’tiborni boshqa vazifalarni bajarishga qaratish bilan izohlagan. RF qurolli kuchlari bu yerga qo‘shimcha zaxiralar olib keltirgan, ukrain guruhining mavjud tarkibi esa raqibni shahar shimoli va janubidagi tepaliklardan surib chiqarish uchun yetarli darajada kuchli emas. Hozircha Ukraina qurolli kuchlari artilleriyadan o‘t ochishni faollashtirmoqda va RF qurolli kuchlarining Baxmut yo‘nalishidagi front orti pozitsiyalariga kamikadze dronlar bilan hujum qilmoqda. Hujumlarni davom ettirish — agar ukrain qo‘mondonligi uni zarur deb topsa — yangi kuchlarni, jumladan, g‘arb tanklari va zirhli mashinalari bilan to‘ldirilgan 20 brigadadan ham bo‘linmalarni jalb etishni talab etadi.