Yevropa Ittifoqi Rossiyani Ukrainaga bostirib kirgani uchun jazolashga qaratilgan sanksiyalarining 11-to‘plamini e’lon qilish arafasida.

Bu safar Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston kompaniyalari ham Rossiyaga cheklovlarni aylanib o‘tishda yordam berganlik uchun qora ro‘yxatga tushishi mumkin.

Xo‘sh, mavjud sanksion vaziyat O‘zbekiston uchun qanchalik xavfli? Kun.uz bu boradagi qator savollar bilan “Centil” advokatlik firmasi huquqshunosi Umid Orifjonovga murojaat qildi.

Sanksiyalar O‘zbekiston kompaniyalariga allaqachon yetib kelgan

— Yevropa Ittifoqi tomonidan tayyorlanayotgan va Ukraina-Rossiya urushi bilan bog‘liq 11-sanksiyalar paketi borasida gapirsak, huquqshunos sifatida Qozog‘iston yoki O‘zbekiston kabi davlatlar boshqa davlatga yordam bergani uchun sanksiyaga tushishi mumkin demagan bo‘lardim. Siyosiy jihatdan O‘zbekiston bu nizoga nisbatan betaraf munosabatda, shu sababli birlamchi sanksiyalardan qochishga yordam beradigan ayrim elementlar yoki tuzilmalar ikkilamchi sanksiyalarga tushishi mumkin. Markaziy Osiyoda joylashgan sub’yektlar birlamchi sanksiyalarga duchor bo‘lmaydi.

Asosiysi, bu kompaniyalarning Rossiyaga moliyaviy jazoni chetlab o‘tishga yordam berayotgan operatsiyalari cheklanishi mumkin. Bu noodatiy yoki kutilmagan narsa emas, degan bo‘lardim. Ammo O‘zbekiston allaqachon sanksiyalarga uchraganini bilishimiz hayratli bo‘lishi mumkin. Birinchi marta o‘tgan yili iyun yoki iyulda mahalliy logistika kompaniyasi qora ro‘yxatga kiritilganiga guvoh bo‘ldik. Keyingi ikkilamchi sanksiyaga uchragan kompaniya 10 minglab o‘zbekistonliklar ishlaydigan “Ohangaronsement” zavodi bo‘ldi.

Bu, albatta, zavoddagi ish o‘rinlariga ta’sir qiladi, bank hisobraqamlari muzlatiladi va hokazo. O‘zbekiston Markaziy banki OFAC bilan bu masalani hal qilishda ish olib borayotganini aytdi.

Umid Orifjonov

Yevropa Ittifoqining navbatdagi 11-sanksiyalar paketi uzoq vaqtdan beri muhokama qilinyapti. Albatta, u qabul qilinishi uchun ittifoqning barcha davlatlari bir ovozdan rozi bo‘lishi kerak. Bu safargi sanksiyalar paketi Yevropa Ittifoqining Vengriya, Gretsiya kabi davlatlari uchun muhim ahamiyatga ega hududlarni qamrab olyapti, shu sababli ular navbatdagi sanksiyalar paketiga rozilik bermayapti. Chunki sanksiyalar Vengriya banklariga, masalan OTP bankka ham ta’sir qilishi mumkin. Bu bank O‘zbekistonga kirib kelyapti. Yevropa banki mamlakatimizga kirib kelishidan biz manfaatdormiz.