«O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Loyihada bayroqqa nisbatan hurmatni ta’minlash sharti bilan quyidagilar taklif etilmoqda:
- Davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va o‘zga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda foydalanishga ruxsat berish;
- bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanishga ruxsat berish;
- davlat organlarining ramzida (bayroq, geraldik belgi) va ularning rasmiy veb-saytlarida Davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga huquqiy asos o‘rnatish;
- Davlat bayrog‘i tasviridan ustki kiyimni bezatish uchun foydalanishga ruxsat berish;
Shu bilan birga, davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda:
- Davlat bayrog‘idan biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanishga (jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida foydalanish mustasno);
- Davlat bayrog‘ini stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shashga yoki tasvirlashga va undan qoplama sifatida foydalanishga, shuningdek o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shashga yoki tasvirlashga;
- Davlat bayrog‘idan kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, shuningdek buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanishga;
- Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakka, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirishga;
- Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi».
Fuqarolar qonun loyihasiga 16 iyunga qadar izoh va takliflarni berishi mumkin.











