Qator tahlilchilarga ko‘ra, bu konfliktga 1973 yilda Afg‘oniston va Eron o‘rtasida tuzilgan suv taqsimlanishi shartnomasining buzilishi sabab bo‘lishi mumkin.

Bir necha hafta avvalroq Eron prezidenti Ibrohim Raisi “Tolibon”ni bu bitim shartlariga amal qilishga chaqirib, Hilmand daryosi oqimini cheklash orqali Eronning sharqiy hududlariga suv borishiga to‘sqinlik qilmaslikni talab qilgandi. Toliblar bu ayblovni rad etgan.

Kun.uz mavzu yuzasidan afg‘onshunos Suhrob Bo‘ronov bilan suhbatlashdi.

— “Tolibon” va Eron konflikti faqatgina 1973 yilgi suv kelishuvi bilan bog‘liqmi yoki markazlashmagan “Tolibon”ga tashqi ta’sirlar natijasimi?

— Tehron va “Tolibon” o‘rtasidagi ziddiyat yaqin kunlardagi rezonansga sabab bo‘lgan voqea bo‘ldi. Bu masalada boshqa omil ham borki, o‘rtadagi munosabatlarga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Bular – tarixiy, etnodiniy va geosiyosiy omillardir.

1996-2001 yillarda “Tolibon” ma’muriyati va Tehron munosabatlari ziddiyatli bo‘lgan va “Tolibon”ni dastaklovchi kuch markazlarining aksariyati Eronning Afg‘onistondagi ta’sirini kamaytirishga uringan.

Tehronning Afg‘onistondagi etnodiniy ta’sir omili esa – aholining shia mazhabidagi hazora qatlamidir. Sunniy bo‘lgan toliblar o‘sha davrda hazoralar faoliyatini jiddiy cheklash uchun kurash olib borishgan va Eron ta’siridagi Hizbi Vahdat partiyasi rahbari Abdul-Ali Mozoriy yo‘q qilingan.

So‘nggi voqealar shuni ko‘rsatdiki, “Tolibon” va Eron o‘rtasidagi suv muammosi geosiyosiy omil sifatida baholanishi mumkin. Tehronning Moskva va Pekin bilan yaqin munosabatlari uchun ham bu signal hisoblanadi. Shuningdek, Eronda uranni boyitish jarayoni ham yirik kuch markazlarining e’tiborini torta boshladi.

— Nega ziddiyatga Eron jiddiy reaksiya bildirmadi, bu qanday omillar evaziga?

— Buni ikki guruhga ajratib olishimiz mumkin. Birinchidan, Eronning “Tolibon” bilan munosabatida manfaatli tomonlari ham bor, ya’ni bir vaqtning o‘zida manfaati uchun do‘st va dushman. Pentagon hisobotlarida aytilishicha, rasmiy Tehron o‘ziga xayrixoh bo‘lgan kuchlarni dastaklash maqsadida 2007 yildan buyon “Tolibon”ga ta’sir ko‘rsatishni boshlagan. Masalan, “Tolibon” ma’muriyatining ilk rahbarlaridan biri Mulla Ahtar Mansur 2016 yilda Erondan Pokistonga qaytayotganida Qo‘shma Shtatlarning uchuvchisiz qurilmasi yordamida portlatib yuborilgan. Eronning asosiy maqsadi – AQShning Afg‘onistondagi harbiy mavjudligini kamaytirishdan iborat.