Ukraina armiyasi kuzgi qarshi hujum operatsiyasi davomida Xarkiv va Xerson oblastlarida muvaffaqiyat qozonganidan so‘ng, butun dunyo voqealarning keyingi rivojini kutgan holda dong qotdi.

Rossiya va Ukraina qishki pauzadan turli maqsadlarda foydalandi.

Kreml Ukrainaning energetika infratuzilmasini yo‘q qilish uchun raketa terrorini uyushtirdi.

Kiyev esa, o‘z navbatida, mudofaa chizig‘ini kuchaytirish, yangi harbiy qismlarni tayyorlash, G‘arb qurollarini olish va zaxirani ko‘paytirishga e’tibor qaratdi.

Ukraina mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasi boshlig‘i, general Kirill Budanov aytganidek, har ikki tomon bahorga qadar «hal qiluvchi qarama-qarshilik»ka tayyorlanishi kerak edi.

Qarshi hujumning e’lon qilinishi

Ukrainaning bosh razvedkachisi Kirill Budanov yil boshidan buyon amalda har intervyusida Ukrainaning bo‘lajak qarshi hujumi va bahordagi «hal qiluvchi janglar» haqida gapirib keladi. Foto: Reuters

Razvedka bosh boshqarmasi anons qilingan qarshi hujum mavzusida hukumatning deyarli asosiy jarchisiga aylandi.

Yanvar va fevral oylaridayoq general Budanov bahor fasliga rejalashtirilgan «muhim voqealar» va bu davrdagi Ukraina qurolli kuchlarining faol harakatlari haqida bayonot berdi.

2023 yil mart oyi boshida USA Today telekanaliga bergan intervyusida Budanov «bu bahorda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush natijasini belgilab beruvchi hal qiluvchi jang yuz beradi», degandi.

Uning prognozlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari yozgacha okkupatsiya qilingan Qrimga ham kirishi kerak edi.

2023 yil aprel oyi o‘rtalarida harbiy razvedka rahbari «Novoye vremya» jurnalistlariga bergan intervyusida qarshi hujumga tayyorgarlik «reja bo‘yicha ketayotgani»ni ta’kidladi.

Xuddi shu vaqtda Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal The Hill nashriga Ukraina qo‘shinlarining qarshi hujumi bahorda emas, yozda boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.

Harbiy ekspertlar fikriga ko‘ra, bahor fasli boshi haqiqatan ham keng ko‘lamli harbiy manyovrlar uchun qulay davr emasdi. Mart va aprel oylarida Ukraina sharqi va janubida kuchli yomg‘ir yog‘di va yo‘llar loylandi, bu esa og‘ir zirhli texnikalar harakatiga to‘siq bo‘ldi.