15:14 / 04.06.2023
24821

«Real» Karim Benzema jamoani tark etayotganini e’lon qildi

Madridning «Real» klubi jamoa hujumchisi Karim Benzema bilan xayrlashayotganini rasman e’lon qildi.

Klub rasmiy sayti xabariga ko‘ra, fransiyalik 35 yoshli forvard jamoa bilan amaldagi kelishuvni o‘zaro bekor qilishga qaror qilingan. Madridliklar Benzemaga 14 yillik faoliyat uchun minnatdorchilik bildirgan.

Bungacha klub Benzemaning har qanday qarorini qabul qilishga tayyorligi haqida xabar qilingandi.

Insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, Karimga «Al-Ittihod» klubidan taklif tushgan. Saudiya klubi Benzemaga yillik 100 million yevro to‘lashga tayyorligini bildirgan. Fransiyalik hujumchi taklifni Florentino Peres bilan birga muhokama qilgan.

Qayd etilishicha, Madrid klubi ishqibozlari «Atletik»ga qarshi Benzemaning xayrlashuv o‘yiniga hozirlik ko‘rmoqda.

Ma’lumot uchun, Benzema joriy mavsum «Real» safida jami 42 o‘yinda 30ta gol va 6ta assistga mualliflik qilgan.

Karim Benzema «Real» safiga 2009 yil, 21 yoshda kelib qo‘shilgan. U o‘tgan 14 mavsum davomida madridliklar bilan 25ta sovringa ega chiqqan. Jumladan, Benzema 5 karra YeChL g‘olibi, 5 karra klublar o‘rtasidagi JCh g‘olibi, 4 karra UYeFA Superkubogi sohibi, 4 karra La Liga g‘olibi, 3 marta Ispaniya kubogi sohibi va 4 marotaba Ispaniya Superkubogida zafar quchgan. Shuningdek, 2022 yil «Oltin to‘p» sohibiga aylandi.

Top