Jahon | 12:06 / 08.06.2023
4727
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh prezidentligiga nomzod Pens Ukrainani qo‘llab-quvvatladi

Agar saylovda g‘alaba qozonsa, respublikachi Mayk Pens Kiyevga harbiy yordamni davom ettirishga tayyor. Ukraina Rossiyani mag‘lub etishi kerak, dedi u.

Foto: NBC

AQSh sobiq vitse-prezidenti, respublikachi Mayk Pens prezidentlikka saylansa, Rossiya agressiyasini qaytarishda Ukrainaga harbiy yordam berishda davom etishini aytdi. «Biz Ukrainadagi odamlarga jang qilish imkoniyatini berishimiz kerak», dedi u 7 iyun, chorshanba kuni Amerikaning CNN telekompaniyasi efirida fuqarolar bilan suhbatda.

Shu bilan birga, Pens o‘zining sobiq rahbari, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp bilan qarama-qarshilikka bordi, u Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini izohlar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «daho» deb atagandi. 

«Men daho aslida qanday odam bo‘lishi kerakligini va Ukrainadagi urushda kim g‘alaba qozonishi kerakligini bilaman – bular Ukrainada o‘z ozodligi va milliy suverenitetini tiklash uchun kurashayotgan odamlardir», — dedi Pens. 

Avvalroq Mayk Pens Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishini rasman e’lon qilgan edi. Xuddi shu partiyadan Donald Tramp ham prezidentlikka qayta saylanishga intilmoqda. Pens 2017 yildan 2021 yilgacha Trampning Oq uyda muovini lavozimida ishlagan, biroq ular hozirda murakkab munosabatlarga ega. 

Mavzuga oid