«Meduza» nashri ushbu versiyalar, shuningdek, sodir bo‘lgan voqeaning ehtimoliy oqibatlarini geograf, Shveytsariyaning Zoi Environment Network ekologik notijorat tashkiloti asoschilaridan biri Nikolay Denisov bilan muhokama qildi. Denisov harbiy mojarolar va tabiat muammolari o‘rtasidagi bog‘liqliklarni o‘rganadi. U 2014 yildan beri Donbassdagi harbiy harakatlarning ekologik oqibatlarini tahlil qiladi va Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshidan buyon uning Ukraina ekologiyasiga halokatli ta’sirini baholaydi.

— 6 iyun kuni ertalab Rossiyaning TASS axborot agentligi Kaxovka GESdagi 28 to‘g‘on bo‘lagidan 11 tasi vayron bo‘lganini ma’lum qildi. «Ukrgidroenergo»ning xabar berishicha, Kaxovka GES «mashina zali portlashi natijasida ichkaridan butunlay vayron bo‘lgan». GES va to‘g‘on bilan hozir nima bo‘lganini tushunish mumkinmi? U qandaydir tarzda bo‘lsa ham suvni ushlab tura oladimi?

— Agar «Ukrgidroenergo» yozganidek, mashina zalida portlash sodir bo‘lgan bo‘lsa, demak GES vayron bo‘lgan. Savol — qay darajada. Suv omborining qancha «ishlab turishi» ya’ni u yerda qancha suv qolishi aynan shunga bog‘liq. Ammo har qanday holatda ham, katta ehtimol bilan, omborda unchalik ko‘p suv qolmagan.

To‘g‘onning qolgan (potensial saqlanib qolgan) qismi suvni ushlab turishga yordam berishi suvning oqib chiqish tezligiga bog‘liq. Tabiiyki, agar butun front buzilgan bo‘lsa, unda suv tezroq oqadi, agar uning bir qismi vayron bo‘lgan bo‘lsa, sekinroq. Biroq baribir suv oqib chiqadi, chunki u yerda biror chora ko‘rishning iloji yo‘q. Ya’ni, suv sathi suvni ushlab qolishi mumkin bo‘lgan tabiiy daryo tubi yoki to‘g‘on qoldiqlari darajasiga tushmaguncha suv oqib chiqaveradi.

Hozir men ko‘rmoqdamanki, (suvning oqib chiqish) tezligi soatiga 15-16 santimetrni tashkil etyapti, bu umuman olganda yetarlicha tez. Ya’ni, ikki-to‘rt kun ichida, kutilganidek, suv omboridagi suv sathi Dnipro daryosining tubi darajasiga tushadi va keyin suv oqib chiqish to‘xtaydi.

— Yaqin kunlarda nima sodir bo‘ladi? Suv oqib chiqishi siz aytgan tezlikda davom etadimi? Bu ancha yuqori tezlikmi?

— Ha, ancha yuqori. Ammo shuni ham hisobga olish kerakki, suv omborida juda ko‘p suv bo‘lgan, chunki hozir suv toshqini — uning ikkinchi to‘lqini Kaxovka suv omboriga yetib keldi. Suv haqiqatan ham juda ko‘p bo‘lgan va shubhasiz, u pastga oqadi.

Suv oqishi ombordagi hamma suv oqib chiqquncha shu tezlikda davom etadi. «Ukrgidroenergo»ning bunday «vilka» (ikki-to‘rt kun) berishi, hatto ular ham vaziyat qanday rivojlanishini aniq bilmasligidan dalolat beradi.