Kaxovka GESi to‘g‘oni 6 iyun kuni yorilib ketdi. Foto: Anadolu

Ukraina hukumati ta’kidiga ko‘ra, Kaxovka GES inshootlarini portlatish tungi soat 3 larda, katta ehtimol bilan RF qurolli kuchlari 205-motoo‘qchi brigadasi harbiylari tomonidan amalga oshirilgan. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘g‘on va undan o‘tuvchi avtoyo‘lni minalashtirishlarini rossiyaliklar o‘tgan yilning bahorida stansiyani egallashgan zahoti amalga oshirishgan, deb yozadi BBC.

Kreml barcha ayblovlarni rad etmoqda va goh GESga Ukraina tomoni raketa hujum uyushtirgani, goh «qo‘poruvchilik» oqibatida portlatilganini ta’kidlamoqda. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni qo‘poruvchilik harakati deya atab, maqsadlar ichida «Qrimni suvdan quruq qoldirish» bo‘lganini ta’kidlagan.

Qandaydir mustaqil surishtiruvlar natijasidan umid qilmasa ham bo‘ladi, to‘g‘on Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida, ukrainalik tergovchilar va texnik mutaxassislar uning qoldiqlarini tekshira olishmaydi.

To‘g‘on o‘pirilishidan bir necha kun avval, 31 may kuni Rossiya hukumati negadir Ukraina bilan urush davomida okkupatsiya qilingan hududlarda «harbiy harakatlar, qo‘poruvchilik va terrorchilik aktlari natijasida sodir etilgan» gidrotexnik inshootlarda avariyalarni texnik surishtirishni to‘xtatib turuvchi qaror qabul qilgan.

Kaxovka to‘g‘oni o‘pirilishi xavfi haqida Xerson oblastida qizg‘in urush borgan 2022 yilning kuzidan buyon ko‘p gapirib kelinadi. O‘shanda har ikki taraf Ukrainaning qarshi hujumiga tayyorlangandi — Rossiya armiyasi to‘g‘on ustidan ko‘prik orqali Xersondagi guruhini o‘q-dorilar bilan ta’minlashga urinar, Ukraina QK esa bunga faol ravishda to‘sqinlik qilardi. Biroq, to‘g‘on ko‘plab o‘q yomg‘irlariga turib bergandi. Endi, ko‘plab belgilarga ko‘ra, Ukraina yana qarshi hujumni boshlamoqda. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda eng birinchi bo‘lib to‘g‘on ataylab portlatib yuborilgani haqidagi versiya paydo bo‘ldi.

Rossiya harbiylari Kaxovka GESida. Ular stansiyani bosqinning dastlabki kunlari, 2022 yilning fevralida egallab olishgan edi. Foto: EPA