Ukraina va Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Xerson oblastida jami besh mingga yaqin uy Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi oqibatida suv ostida qolgan. 7 iyun kuni tongda hududning Ukraina tomonidan tayinlangan rahbari Oleksandr Prokudin bergan ma’lumotda Dniproning Ukraina nazoratidagi o‘ng sohilida 1852 uyni suv bosgani va 1457 kishi evakuatsiya qilingani aytiladi. TASS agentligi favqulodda xizmatlarga tayanib xabar berishicha, oblastning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan qismida 2,7 mingga yaqin uy suv ostida qolib, qariyb 1,3 ming kishi xavfsiz joyga ko‘chirilgan.

GES joylashgan Nova Kaxovka shahri hududida yetti kishi bedarak yo‘qolgan. O‘lim holatlari haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Xerson oblastining Rossiya tomonidan anneksiya qilingan qismida favqulodda holat rejimi e’lon qilingan. Rossiya tomoni baholariga ko‘ra, suv toshqini hududida 22 mingdan 40 minggacha odam bo‘lishi mumkin.

Xerson, 2023 yil 7 iyun
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Nova Kaxovkada yashovchi 53 yoshli Valeriy suv bosgan uyida, 2023 yil 7 iyun
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Suv toshqini zonasi jami 15 ta aholi yashash manzillarini qamrab olgan. Nova Kaxovkada 7 iyun kuni suv pikdan (yuqori nuqtadan) 60 santimetrga pasaydi. Shaharda suv normal darajaga qaytishiga kamida bir hafta ketishi kutilmoqda. Oleksandr Prokudinning ma’lum qilishicha, Nova Kaxovka yaqinida joylashgan shahar tipidagi Dnepryani posyolkasi va Korsunka qishlog‘i butunlay suv ostida qolgan. Xerson oblastining Rossiya ta’siridagi «ma’muriyati» Dnipro daryosining quyi oqimida joylashgan Krinki va Kazachya Lageri qishloqlarida uylarni tomgacha suv bosgani haqida xabar bergan. Rossiya armiyasi nazoratidagi Golaya Pristan shahrining 80 foiz qismi suv ostida qolgan, ayrim hududlarda suv uylar tomigacha yetadi. Shuningdek, Peschanoye, Staraya Zburevka, Kardashinka, Oleshki (Aleshki) kabi shahar va qishloqlarni suv bosgan. Xersonda ko‘chalar suv ostida qolgan, Korabel mikrorayonidan qariyb 1,3 ming kishi evakuatsiya qilingan. 7 iyunga o‘tar kechasi Xerson atrofidagi Belozersk qishlog‘i ham suvga g‘arq bo‘la boshlagandi.

Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi ukrain qo‘shinini qarshi hujum bo‘yicha ayrim rejalarni o‘zgartirishiga majbur qilishi mumkin