Shimoliy Koreyada o‘z joniga qasd qilish holatlari bir yil avvalgiga qaraganda 40 foizga ko‘paygan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga asoslanib Radio Free Asia nashri yozmoqda.

Nashrning KXDR hukumatidagi manbalari ismi sir qolish sharti bilan ma’lum qilishicha, mamlakat yetakchisi Kim Chen In bu masalada maxfiy majlis o‘tkazgan va mansabdorlarga o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib ketgani bo‘yicha chora ko‘rishni buyurgan. Kim yig‘ilishda o‘z joniga qasd qilishni «sotsializmga xiyonat» deb atagan.

Kim Chen In mahalliy rahbarlarga mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib ketgani, buning oldini olish shartligini aytib, ularni keskin tanqid qilgan. Shundan keyin Kim barcha mahalliy rahbarlarga o‘zi javobgar hududlarda o‘z joniga qasd qilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha targ‘ibot o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan. Majlisda aytilgan gaplardan xabardor mansabdorlarga ko‘ra, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari soni hayratlanarli darajada oshib ketgan.

RFA nashri Shimoliy Koreyadagi manbalari aytgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi dalil topa olmagan bo‘lsa-da, bu ma’lumotlar Janubiy Koreya razvedka xizmati may oyi oxirida e’lon qilgan ma’lumotlar bilan mos keladi. Janub razvedkasi Shimoliy Koreyada o‘z joniga qasd qilish holatlari avvalgi yilga qaraganda 40 foizga oshgani haqida yozgan.

«Qiyinchiliklar tufayli insonlarni bunday ishga undovchi omillar ko‘p», deb Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlarini keltirgan RFA nashri. Janub razvedkasi bayonotida qo‘shimcha qilinishicha, yashash qiyin bo‘lib borayotgani sabab shimolliklar orasida zo‘ravonlik jinoyatlari ham ko‘paygan.

Yuqoridagi maxfiy yig‘ilish davomida Kim Chen In o‘z joniga qasd qilish rasman «davlatga va sotsializmga xiyonat» deb belgilanishi kerakligini ta’kidlagan. Mamlakat yetakchisining maxfiy majlisdagi buyrug‘i barcha provinsiya, shahar va uyezd rahbarlari uchun o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda mahalliy rahbarlarga yetkazilgan.

«Uchrashuv Chonjun shahridagi Pohang rayoni partiya kengashi binosida o‘tkazildi. O‘z joniga qasd qilish holatlari haqida ma’lumotlar o‘qib eshittirilganda ba’zi mansabdorlar hayratini yashirib tura olmadi», degan nomi sir qolishi sharti bilan Shimoliy Hamgyon provinsiyasida ishlovchi mansabdorlardan biri.

Oilaviy qasd qilishlar

Yig‘ilishda faqat Chonjun va unga yaqin Kyonson okrugida shu yilning o‘zida 35 kishi o‘z joniga qasd qilgani, aksar hollarda butun boshli oilalar birgalikda o‘zini o‘ldirgani aytilgan. «Zaldagilar o‘z joniga qasd qilganlarning o‘lim oldidan yozgan xatlari, ular mamlakat va ijtimoiy tizim manziliga yo‘llangan tanqidlardan hayratga tushishdi», deydi suhbatdosh.