Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va FAO 2030 yilga qadar hamkorlik bo‘yicha yangi dasturni ishlab chiqadi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifning birinchi kunida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ofisiga tashrif buyurdi va uning bosh direktori Tsyuy Dunyuy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan ushbu muhim ixtisoslashtirilgan xalqaro institut o‘rtasidagi hamkorlikni, eng avvalo, agrar tarmoqni modernizatsiya qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari keyingi yillardagi samarali hamkorlik natijalarini alohida qayd etdi. O‘zbekistonda FAO ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oxirgi bir necha yilda hamkorlik portfeli uch barobar kengaydi va bugungi kunda yer va suvdan foydalanish, agrosanoat majmui, o‘rmon xo‘jaligi, ekologiya, chorvachilik va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligiga xatarlar kuchayib borayotgan sharoitda sheriklikni yanada kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekani qayd etildi. Oziq-ovqat xavfsizligi, fundamental ilmiy tadqiqotlar, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, Orolbo‘yining ekologik muammolarini hal qilish va boshqa sohalarda aniq loyiha va tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadigan 2030 yilga qadar hamkorlik bo‘yicha yangi keng ko‘lamli dasturni ishlab chiqish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olindi.

FAO shafeligida Samarqandda o‘tkaziladigan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.
Bosh direktor Tsyuy Dunyuy O‘zbekistonda agrar sohani modernizatsiya qilishga qaratilgan tarkibiy islohotlarni qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuv yakunida mamlakat yetakchisi bosh direktorga shu yil iyul oyida bo‘lajak FAO rahbari saylovida muvaffaqiyatlar tiladi.
Mavzuga oid
18:54 / 06.12.2025
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
19:17 / 26.08.2025
Iordaniya podshohining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi
14:58 / 26.08.2025
O‘zbekiston va Iordaniya hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi
17:38 / 25.12.2024