Prigojinning matbuot xizmati shuningdek, «asir» Venevitin haqiqatan ham yo‘llarni minalashni buyurgani va buni «shaxsiy adovat» bilan izohlaganini aytgan videoni ham tarmoqqa joylashtirdi.

Venevitin bu ayblovlarga javob berdi. 8 iyun kuni ertalab podpolkovnik o‘zining 11 daqiqalik videomurojaatini e’lon qildi. Unda u yollanma jangchilarning Rossiya armiyasi askarlarini doimiy ravishda o‘g‘irlab ketishi, ularni o‘lim bilan qo‘rqitishi, shuningdek, o‘zini ham asirlikka olingandan keyin qiynoqqa solganini gapirib bergan.

Podpolkovnikning murojaati «Gruz 400» telegram-kanalida e’lon qilindi. «Mediazona» nashri rus armiyasi harbiysining «Vagner» bilan dushmanlik haqidagi birinchi ommaviy izohi stenogrammasini taqdim etdi.

«Xayrli kun. Mening ismim Roman Gennadevich Venevitin, men Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarining podpolkovnigi, 72-brigadaning sobiq komandiriman. Ushbu murojaatda men «Vagner» bilan munosabatlarim haqidagi shov-shuvli video bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarimni bildirmoqchiman.

Menda «Vagner»ga nisbatan haqiqatan ham shaxsiy adovat borligi haqidagi savolga shunday javob beraman... Men va mening brigadamning vagnerchilar bilan dushmanligi Artemovsk (Baxmut) yo‘nalishiga tashlanishimizning dastlabki kunlaridan boshlangan. Bu nafaqat vagnerchilarning askarlarimizga o‘zlarining qo‘pol xatti-harakatlarini ko‘rsatishi va doimiy ravishda qiynash, o‘ldirish bilan tahdid qilishi, balki aniq harakatlar bilan mojaroga tortishga urinishi bilan bog‘liq edi.

Masalan, «Vagner» jangchilari bizning ikkita T-80 tankimiz, to‘rtta artilleriya quroli, KAMAZ va ​​piyoda jangovar mashinamizni o‘g‘irlab ketdi. Va hozirgacha bu mashinalar mudofaa vazirligiga qaytarilmagan. «Vagner» ularni harbiy o‘lja deb hisoblaydi.

Masalan, vagnerchilar radioelektron kurash rotasining askarlariga nisbatan jismoniy tahdid qilgan holat ham bo‘lgandi. O‘shanda ular askarlarni o‘rab olgan va faqatgina vagnerchilar xohlagan tarzda ishlamagani uchun askarlarni yo‘q qilishni va’da qilgan. Shuningdek, askarlarimizni o‘g‘irlash, ularga nisbatan jismoniy qiynoq, sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi usullarni qo‘llash holatlari ham sodir bo‘ldi. Misol uchun, bizning batalonlarimizdan birining starshinasini o‘g‘irlab ketishdi. Uni shafqatsiz qiynoqqa solishgan, yerto‘lada sovuq polda saqlashgan, ko‘ziga kislota va har xil kimyoviy moddalarni sepishgan, shundan so‘ng u vaqtincha ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan. Hatto unga benzin sepib, zajigalka olib kelib, yoqib yubormoqchi bo‘lishgan.