Ukraina oylar davomida qarshi hujumri rejalashtirdi. Endi u boshlanishi mumkin. / Foto: Reuters

Uzoq kutilayotgan qarshi hujum boshlandimi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin aynan shunday deb hisoblaydi. «Biz mutlaqo aniq qilib ta’kidlashimiz mumkinki, bu qarshi hujumning o‘zginasi», degan u juma kuni Telegram-kanallarda tarqatilgan videoda.

Qandaydir ma’noda qarshi hujum alomatlari ko‘zga tashlanayotganiga bir necha hafta bo‘lgan — Ukraina ruslarning front chizig‘idan ortda joylashgan moddiy-texnika ta’minoti obektlariga artilleriya va raketa zarbalari berib, tayyorgarlik operatsiyalarni o‘tkazmoqda.

Dushanba kuni jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berishi va’da qilinayotgandi: Ukrainaning yengil zirhlangan kichikroq otryadlari ochiq dalalar bo‘ylab, Zaporijjyadan janubiy sharq tomondagi Rossiya harbiylari istehkomlari sari harakat qildi.

«Hozir butun front bo‘ylab jang bilan razvedka qilish deb ataluvchi bosqich ketmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsadi Rossiya mudofaa chizig‘ini aniqlashtirib olish», – degan BBC’ga harbiy ekspert, Ukraina xavfsizlik va hamkorlik markazi raisi Sergey Kuzan.

Ijtimoiy tarmoqlarda joylangan videolarga ko‘ra, ayrim sharhlovchilar ukrainlar tezda muammolarga duchor bo‘lganini taxmin qilishmoqda.

«Qayerdadir bu ishni kichikroq yo‘qotishlar bilan muvaffaqiyatli amalga oshirishmoqda, ruslar qattiq qarshilik ko‘rsatayotgan qayerlardadir muvaffaqiyatsiz», – degan Kuzan.

U konkret aholi punktlarini nomini aytishni rad edi va voqealarning barchasi Zaporijjyadan janubda ro‘y berayotganini aytdi, xolos.

Seshanba kundan boshlab butun jahonning nigohi Nova Kaxovkada vayron etilgan to‘g‘on va Dnipro daryosining har ikki sohilida qariyb 600 kilometr kvadrat maydonni qamrab olgan suv toshqiniga qaratildi.

Garchi Kreml to‘g‘onning vayron bo‘lishiga o‘zining aloqasi borligini to‘liq rad etayotgan bo‘lsa-da, bu aslo tasodifga o‘xshamayapti. To‘g‘on va u uzra o‘tgan yo‘l Rossiya qo‘shinlarining joylashuvini beqarorlashtirish yo‘llarini qidirayotgan Ukraina armiyasining ehtimolli hujum yo‘nalishi bo‘lishi mumkin edi.