Hozir Ukrainaning Xerson oblastida 32 ta aholi yashash manzilidagi 3,6 mingdan ortiq uy suv ostida qolgan. Suv sathi pasaymoqda, lekin juda sekin. Suv bosgan shaharlarda hali ham odamlar va jonivorlar bor.

To‘g‘ondan teparoqda joylashgan hududlar esa, aksincha, suv omborlarining to‘lishini kutmoqda. Ayrim shaharlarda suv muammosi allaqachon boshlangan.

Va bular Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishining eng aniq ekologik oqibatlari. Ulardan ko‘pchiligi yaqin yillarda o‘zini namoyon qiladi, deydi olimlar.

Ekin maydonlari o‘rniga cho‘l

«Kaxovka GES to‘g‘oni buzilishi suv omborining suvi kamayishiga olib keladi. Va bu, o‘z navbatida, Dnipropetrovsk, Xerson va Zaporijjiya oblastlari dalalaridagi o‘ttizdan ortiq sug‘orish tizimlariga suv ta’minoti to‘xtatishiga sabab bo‘ladi», deya xabar bergan Ukraina Agrar siyosat va oziq-ovqat vazirligi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, urushdan oldingi so‘nggi yilda, ya’ni 2021 yilda ushbu tizimlar 584 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish imkonini bergan. Bu juda katta hudud, 2021 yilda bu yerlardan umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard dollarga teng 4 million tonna g‘alla va moyli o‘simliklar yig‘ib olingan.

Biroq oqibatlarini baholash farq qiladi. Masalan, Shvetsiya qishloq xo‘jaligi fanlari universiteti geografi Brayan Kons BBC nashri bilan suhbatda suv omboridan chiqadigan kanallar tarmog‘i kichikroq maydonni — Xerson va Zaporijjiya oblastlaridagi 200 ming gektarga yaqin yerni sug‘orishini taxmin qilgan. «Va men aytgan bo‘lardimki, bu hajmdagi yerning katta qismi salbiy ta’sir ostida qolishi mumkin», degan Kons.

«Xerson va Zaporijjiya oblastlarida asosiy ekinlar ekiladigan barcha ekin maydonlari 600-700 ming gektarni tashkil etadi. Bu ekinlar orasida bug‘doy, makkajo‘xori va kamroq hajmda arpa bor», deydi Rossiyaning «SovEkon» tahliliy markazi rahbari Andrey Sizov.

Ukraina agrar vazirligining ta’kidlashicha, Kaxovka GESning vayron bo‘lishi oqibatida «Ukraina janubidagi dalalar kelgusi yildayoq cho‘lga aylanishi mumkin».

Brayan Kons bu baholashni adolatli deb hisoblaydi va buni Shimoliy Qrim bilan sodir bo‘lgan hodisaga qiyoslaydi. Shimoliy Qrim kanalining yopilishi (bu 2014 yilda yarimorol Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan keyin yuz bergan) qishloq xo‘jaligiga katta ta’sir ko‘rsatgan: landshaft va yetishtirilishi mumkin bo‘lgan ekin turlari o‘zgargan.