Toshkentda informatika o‘qituvchisi kaltaklanishi bo‘yicha voqea IIBB boshlig‘i ishtirokida muhokama qilindi
2023 yil 12 iyun kuni Uchtepa tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Jahon tillari universitetida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Toshpo‘latov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda shahar Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nilufar Husanboyeva va XTB hududiy bo‘linmalari rahbarlari, 418 ta maktab direktorlari, DXX Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, barcha tuman IIO FMB boshliqlari va 74 nafar voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar hamda Milliy gvardiya hududiy bo‘linma rahbarlari ishtirok etdilar.
O‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yilning 10 iyun kuni Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi S.S. shu maktabning “Informatika” fani o‘qituvchisi S.B.ni urib, tan jarohati yetkazganligi holati muhokama qilindi. Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi ("Bezorilik") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov yakuni bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanadi.
Jabrlangan o‘qituvchi hamda voyaga yetmagan huquqbuzar aka-ukalar, ularning ota-onasi, mahalla raisi va faollari ishtirokida tanqidiy muhokama o‘tkazildi. Muhokama yakunida voyaga yetmagan huquqbuzar va uning ota-onasi barcha ustoz va murabbiylardan uzr so‘rab, bu kabi holat boshqa qaytarilmasligini aytib o‘tishdi.
Muhokama davomida, 62-sonli maktab direktori X.Mahkamova, bolalarning sinf rahbari va 20 nafar o‘qituvchilarning sodir etilgan holat yuzasidan fikr va mulohazalari tinglanib, qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida mas’ul rahbarlarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Bu kabi noxush holatlar oldini olish maqsadida, barcha tuman IIO FMB boshliqlari, hududiy xalq ta’lim bo‘limlari va tegishli mutasaddi idora rahbarlari bilan hamkorlikda, poytaxt hududidagi 418 ta maktabning o‘quvchi va o‘qituvchilari o‘rtasida tanqidiy muhokama yig‘ilishlari o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Jumladan, o‘qituvchi va ustozlarga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakat uchun qonunda belgilangan eng og‘ir chora ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shuningdek, barcha tuman ichki ishlar organlari va xalq ta’limi bo‘linmalari bilan hamkorlikda qo‘shma-reja ishlab chiqilishi belgilab olindi.
Barcha tuman IIO FMB boshliqlari, hududiy xalq ta’lim bo‘limlari va maktab direktorlari Toshkent shahri bo‘yicha 2 278 nafar tarbiyasi og‘ir voyaga yetmaganlarga mas’ul biriktirib, har biri bilan yakka tartibda yondashgan holda doimiy nazoratini olib borilishi belgilandi.
Kelgusida yuqoridagi kabi salbiy holatlar aniqlangan taqdirda, o‘rnatilgan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida mutasaddi idora va tashkilotlarga topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
18:07
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024