AQSH va Isroilning Eron bilan qariyb sakkiz oylik mojarosi yangi bosqichga oʻtishi mumkin. New York Times nashrining AQSH rasmiylari va muhokamalardan xabardor manbalarga tayanib yozishicha, ikki davlat harbiylari Amerikadagi oraliq saylovlardan keyin Eronga yana zarba berish boʻyicha aniq rejalar tuzgan.

Operatsiya qisqa, ammo shiddatli boʻlishi kutilmoqda. Ayrim harbiy reja tuzuvchilar uch kunlik kampaniya Eron iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazib, Tehronni yon berishga majbur qilishiga ishonadi. Nashrga koʻra, tayyorgarlik doirasida AQSH va Isroil samolyotlari Iroq osmonida zarba berish manyovrlarini mashq qilmoqda. AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset esa shu hafta Isroilda bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan uchrashib, yangi zarbalarni muhokama qilgandi.

Nishonlar orasida Eronning energetika infratuzilmasi, yadroviy obyektlari hamda raketa va dron arsenali boʻlishi mumkin. Biroq ayrim rasmiylarning aytishicha, neftni qayta ishlash zavodlari va neft infratuzilmasi chetlab oʻtiladi. Chunki AQSH prezidenti Donald Tramp benzin narxi yanada oshishini istamaydi.

Rejalarda Eronning yadro dasturi ham bor. Xususan, “Kirka togʻi” (Pickaxe Mountain) deb ataladigan, yer ostiga chuqur joylashtirilgan obyektga hujum qilinishi mumkin. Tramp oʻtgan hafta unga qarshi “Barcha bombalarning onasi” laqabli, qariyb 10 tonnalik MOAB bombasini qoʻllashni oʻylayotganini aytdi. Biroq mutaxassislarning aytishicha, MOAB yer ustida portlaydi. Shu sababli u granit togʻ ostidagi obyektni yoʻq qila olishi dargumon.

Zarba qachon berilishi, umuman berilish-berilmasligi esa Trampning qaroriga bogʻliq. U shu yil yirik janglarga qaytish rejalarini bir necha bor rad etgan. Oktabr boshida ham ikki davlat harbiy-havo kuchlari eng yuqori shaylik holatida turgandi. Ammo Tramp soʻnggi daqiqada hujumni kechiktirdi. Bir qoʻmondonning aytishicha, bunday qarorlar harbiy reja tuzuvchilar orasida “har kungi keskin silkinish”ga sabab boʻlmoqda.

Image
Tramp, Hegset va Netanyahu Oq uydagi uchrashuvda / Foto: NYT

Rasmiylar Tramp oktabrning oʻzida hujum boshlashi ehtimolini kichik deb hisoblaydi. Buning sabablaridan biri prezidentning noyabrdagi saylovlargacha zarba bermaslik haqida bergan vaʼdasi. Qolaversa, AQSH harbiy kuchlari, jumladan, uchta avianosets, minglab dengiz piyodalari va maxsus operatsiyalar kuchlari noyabr boshidagina toʻliq joylashib boʻladi.