Jahon | 17:57 / 17.06.2023
22204
3 daqiqa o‘qiladi

«Ayrim yirik davlatlar o‘z kun tartibini o‘tkazishga intilib kelmoqda» - Qosim-Jo‘mart To‘qayev

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Turkiston shahrida o‘tgan Milliy qurultoyda xalqaro vaziyat misli ko‘rilmagan darajada keskinlashib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Foto: Oqo‘rda

Xalqaro vaziyat optimizm uyg‘otmayapti, shu sababli Qozog‘iston har doimgidan-da bir tan-u bir jon bo‘lishi kerak, deya To‘qayevning so‘zlarini keltirmoqda Oqo‘rda matbuot xizmati.

«Bugun biz xalqaro vaziyatning misli ko‘rinmagan darajada keskinlashayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayrim yirik davlatlar o‘z kun tartibini majburlab tiqishtirishga, o‘z standartlarini o‘tkazishga urinmoqda.

Turlicha, ko‘pincha diametrial qarama-qarshi bo‘lgan g‘oyalar va yondashuvlar to‘qnashuvi nafaqat geosiyosat va iqtisodiyotda ro‘y bermoqda, shuningdek, madaniyat va ma’rifat qadriyatlari, boshqacha qilib aytganda mafkurani ham qamrab olmoqda.

Bu bir qator davlatlar va xalqlarning xavfsiz umrguzaronlik qilishi uchun eng jiddiy salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Xalqaro vaziyat optimizm uyg‘otmayapti, shu sababli Qozog‘iston har doimgidan ham bir tan-u bir jon bo‘lishi kerak», — degan Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Qozog‘iston rahbari davlatchilikni mustahkamlash zaruriyati haqida gapira turib, «aks holda biz tarix yo‘lining chetiga chiqib qolamiz va yo‘qlikka yuz tutamiz», degan.

«Millatimizning sifati birinchi galda kelajakdagi jahon tuzilmasida qanday o‘rin egallashimizni belgilab beradi. Agar biz kuchli davlat bo‘lishni istasak, biz birgalikda qanday kelajak qurayotganimiz, milliy orzumiz qanday bo‘lishi, Qozog‘iston fuqarosi qanday bo‘lishi kerakligi, bizning tayanch nuqtalarimiz qayerdaligi, mamlakatimizning missiyasi nimalardan iborat bo‘lishi haqidagi fundamental savollarga javob topishimiz kerak bo‘ladi.

Bugun men bu masalada o‘z qarashlarimni ifoda etmoqchiman. O‘tkazilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni jamiyatdagi chuqur ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlar bilan hamohang olib borishdek muhim vazifa oldimizda turibdi.

Biz oldinga intilib, o‘z qadriyatlarimizni mustahkamlash ustida doimiy ish olib borish bilan birga mamlakat rivojiga to‘siq bo‘ladigan barcha narsalardan voz kechishimiz lozim. Faqat shu yo‘l bilan biz millatimizning yangi sifatiga ega bo‘lamiz va ko‘p asrlik davlatchiligimizni mustahkamlaymiz. Aks holda, biz tarix yo‘lining chetiga chiqib qolamiz va yo‘qlikka yuz tutamiz. Men har qanaqa qadriyatni maxsus farmon yoki qonun bilan joriy etib bo‘lmasligini juda yaxshi tushunib turibman», — degan To‘qayev.

Mavzuga oid