KXDRda ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshning muvaffaqiyatsiz uchirilishi keskin tanqid qilindi
Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi hisobotida amaldorlar qo‘pol mas’uliyatsizlikda ayblangan. Yaqin kelajakda ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni uchirish bo‘yicha yangi urinish rejalashtirilgan.
Shimoliy Koreya o‘z ishlab chiqargan harbiy sun’iy yo‘ldoshning uchirilishini yilning birinchi yarmidagi eng og‘ir muvaffaqiyatsizlik deb atadi. Shimoliy Koreya OAVning 19 iyun, dushanba kuni xabar berishicha, KXDRda hukmron Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasiga taqdim etilgan hisobotda uchirishni nazorat qilgan amaldorlar qattiq tanqid qilindi va ochiq mas’uliyatsizlikda ayblandi.
Yaqin kelajakda razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirish bo‘yicha yangi urinish e’lon qilinadi. Yadro va raketa dasturi tufayli xalqaro sanksiyalar ostida qolgan Shimoliy Koreya 31 may kungi muvaffaqiyatsizlikdan ko‘p o‘tmay texnik muammolarni tan oldi. Raketa-tashuvchi Shimoliy Koreyaning birinchi razvedka yo‘ldoshini koinotga yetkazishi kerak edi, biroq u Janubiy Koreya orollaridan biri yaqinida Sariq dengizga qulab tushdi.
Janubiy Koreya dengizdan raketa qoldiqlarining katta qismini chiqarib oldi va KXDR raketa texnologiyasini rivojlantirishda qanchalik muvaffaqiyatga erishganini aniqlash uchun ularni tekshirmoqda. Uzoq masofali kosmik va harbiy raketalarni ishlab chiqarish texnologiyalari deyarli bir xil.
Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi ko‘p kunlik yig‘ilishlar davomida joriy yil eng muhim harbiy, siyosiy va iqtisodiy rejalarini amalga oshirishning oraliq yakunlarini sarhisob qildi. Unda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ham ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari nafaqat mamlakatning strategik salohiyatini yuksaltirishda erishilgan yutuqlarni, balki ayrim kamchiliklarni ham qayd etdi, ulardan eng jiddiysi razvedka sun’iy yo‘ldoshining muvaffaqiyatsiz uchirilishi bo‘ldi.
O‘tgan yili Kim Chen In Shimoliy Koreyani «ortga qaytib bo‘lmaydigan yadroviy davlat» deb e’lon qilgan va qurol-yarog‘, jumladan, taktik yadroviy qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirishga chaqirgan edi. Vaziyatning keskinlashuvi fonida Janubiy Koreya AQSh bilan harbiy sohada hamkorlikni kengaytirdi.
Mavzuga oid
11:22 / 12.11.2024
Shimoliy Koreyadan qochganlar RFdagi KXDR kuchlari orasida dezertirlikka erishmoqchi
10:41 / 12.11.2024
KXDR Rossiya bilan hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi
22:18 / 11.11.2024
Xitoy 15 ta sun’iy yo‘ldoshga ega tijoriy raketani uchirdi
17:59 / 11.11.2024