O‘zbekistonda 2,4 mln xonadonning kadastr hujjati yo‘qligi ma’lum qilindi
Respublika hududida 2 mln 400 mingdan ortiq aholi xonadonlarining kadastr hujjatlari yo‘q.

Foto: Kun.uz
20 iyun kuni Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil qilish, ko‘tarilgan masala va muammolarni zudlik bilan joyida hal qilish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Kadastr agentligi rahbarining axboroti eshitildi.
Joriy yil davomida agentlikning hududiy boshqarmalariga jismoniy va yuridik shaxslar yuborgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda rahbar va mas’ul xodimlar tomonidan kamchiliklar va qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun javobgarlikka tortilish holatlari tahlil qilindi, 10 ta jarima va 78 ta hayfsan, 1 ta lavozimdan ozod etish, jami 89 ta intizomiy jazo choralari qo‘llangani aniqlandi.
Shu bilan birga, sohada o‘z yechimini kutayotgan ayrim muammoli masalalar mavjudligi aytib o‘tildi.
Respublika hududidagi 2 mln 400 mingdan ortiq aholi xonadonlarining kadastr hujjatlari yo‘qligi va bino-inshootlariga nisbatan mulk huquqini belgilovchi tartib mavjud emasligi sababli aholi tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayapti, shu tufayli agentlikka hamda Xalq qabulxonalariga murojaatlar soni ko‘paygan. Shu mazmundagi murojaatlar jami murojaatlarning 40 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.
Joylarda fuqaro va tadbirkorlar tomonidan yer maydonlarini noqonuniy ravishda egallab olgan holda, hududlarni o‘rab olish yoki o‘zboshimcha qurilishlar qilish holatlarini bartaraf etish maqsadida agentlik tomonidan qo‘shimcha targ‘ibot ishlari yetarlicha amalga oshirilmagan hamda ta’sirchan choralar kuchaytirilmagan.
Senatorlar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qator takliflar bildirilib, agentlik Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat xizmatlari orqali aholiga ko‘rsatiladigan kadastr xizmatlari sonini oshirish va shu barobarida belgilangan muddatlarda hamda sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash zarurligi aytildi.
Mavzuga oid

08:10 / 24.01.2025
2025 yilda renovatsiya asosida 20 ming xonadon quriladi

21:00 / 09.12.2024
200 dollarlik fotosurat, “ish bitirgan” kurka bolalari va qo‘shmachining “tanka”si – noodatiy poralar

12:07 / 30.11.2024
Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali sobiq boshlig‘i 12 yilga qamaldi

17:35 / 11.11.2024