Zaporijjya va Donetsk oblasti janubida to‘qnashuvlar davom etmoqda, ba’zi chiziqlarda janglar tobora shiddatli tus olmoqda. Ukraina qurolli kuchlari asta-sekin turli hududlarda Rossiya mudofaasini yorib o‘tyapti, Rossiya qo‘shinlari esa Ukraina armiyasini asosiy mudofaa chizig‘iga yetib bormasdan oldin to‘xtatishni rejalashtirib, qarshi hujumga o‘tishga va zaxiralarni qayta joylashtirishga harakat qilmoqda. BBC muxbiri Ilya Abishev frontdagi so‘nggi voqealarni tahlil qildi.

«Ukraina qo‘shinlari Zaporijjya va Donetsk oblastlaridagi ikki haftalik hujum amaliyoti davomida sakkizta aholi punktini ozod qildi. Bular Novodarivka, Levadne, Storojyeve, Makarivka, Blahodatne, Lobkove, Neskuchne va Pyatixatki», degan 19 iyun kuni Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina harbiylari Rossiya mudofaasiga umumiy hisobda 7 km ichkarilagan, janubdagi ozod qilingan hududlar maydoni 113 kvadrat kilometrni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, Malyar Rossiya qo‘shinlari tashabbusni o‘z qo‘liga olishga urinayotgan Luhansk oblasti g‘arbi va Donetsk oblasti shimolidagi murakkab vaziyat haqida ham gapirgan.

«Dushman o‘z kuchlarini shimolga yig‘di hamda tashabbusni bizdan tortib olishga urinib, Liman va Kupyansk yo‘nalishlarida faol hujumga o‘tmoqda. Dushman harakatining yuqori faolligi qayd etildi. Shafqatsiz janglar davom etmoqda. Bizning qo‘shinlarimiz dushmanning oldinga siljishiga yo‘l qo‘ymayapti», dedi Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari.

Ukraina qurolli kuchlarining Janubiy Donetsk, Zaporijjya va Donetsk yo‘nalishlarida faol hujumga o‘tish harakatlari haqida Rossiya mudofaa vazirligi ham xabar bergan. Vazirlik rasmiysi Igor Konashenkovning ma’lum qilishicha, Ukraina qurolli kuchlarining hujumlari qaytarilgan — to‘rttasi Donetsk yo‘nalishida, uchtasi — Zaporijjya va Donetsk oblasti chegarasidagi Vremevka bo‘rtig‘ida va ikkitasi Zaporijjiya oblastining Malaya Tokmachka hududida. Konashenkov boy berilgan hududlar haqida gapirmagan.

Ikki tomon ham dushman katta talafot ko‘rganini da’vo qilmoqda.

Tasdiqlangan fotosuratlar va videolar asosida har ikki tomonning texnik yo‘qotishlarini hisoblaydigan Oryx mudofaa tahliliy portali ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya iyun oyi boshidan beri 129 ta texnika, jumladan, 32 ta tank yo‘qotgan. Ukraina esa 155 ta texnika, shu jumladan 24 ta tankdan ayrilgan.