Zelenskiy NATOning Vilnyusdagi navbatdagi sammitida alyans Ukrainani yaqin kelajakda o‘z tarkibida ko‘ryaptimi degan savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishini istamoqda. Chunki, Ukrainaning urushdan keyin qaysi yo‘nalishda rivojlanishi shunga bog‘liq bo‘ladi.

Hozircha Zelenskiy ancha vaqt oldin ishlab chiqilgan pozitsiyada qolmoqda: Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan to‘liq olib chiqmagunicha, u bilan muzokaralar o‘tkazilmaydi. Vladimir Putinning yadro qurolidan foydalanish xavfi esa minimal — lekin Zelenskiy Rossiya prezidenti uchun javob berishga tayyor emas.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 20 iyun kuni BBC nashri jurnalisti Yalda Hakimga yuqoridagi masalalar bo‘yicha intervyu bergan.

«Agar biz oldinga siljiyotgan bo‘lsak, demak, hammasi joyida»

Volodimir Zelenskiy intervyuda Ukraina qo‘shinlarining hozirda mamlakat janubi-sharqida olib borayotgan qarshi hujum operatsiyasiga aniq baho berishdan bosh tortgan.

«Hozir bir nima deyish juda qiyin. Hozircha hammasi asta-sekin ketmoqda. Agar biz bir joyda qotib qolmasdan, oldinga siljiyotgan bo‘lsak, demak, hammasi joyida», deya hujumning muvaffaqiyatini baholash haqidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savolga javob bergan Ukraina prezidenti.

Hujum sekinlik bilan kechayotganining asosiy sababi sifatida Zelenskiy Ukrainaning deyarli ikki yuz ming kvadrat kilometr hududi Rossiya tomonidan minalanganini keltirgan.

«Biz ortga chekinmaymiz, biz oldinga yuramiz. Qadamlarni kattaroq qilish istagi bor, ular biroz kichikroq — lekin bu qanday amalga oshirilishini bilasiz: kim kurashsa, u yengadi; kim eshikni taqillatsa, unga eshik ochiladi. Shuning uchun har qanday holatda ham biz qarshi hujum harakatlari muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonamiz», degan Ukraina rahbari.

Zelenskiy Ukraina qo‘shinlarining 2022 yil kuzidagi qarshi hujum operatsiyalari ham yetarlicha sekin sur’atda o‘tganini eslagan. «Ammo qandaydir vaziyatda hamma bizning u yerda qanday tezkor harakat qila boshlaganimizni ko‘rdi. Bu yerda ham xuddi shunday bo‘ladi», deya taxmin qilgan u.

Ukraina prezidenti qanday operatsiyalar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmagan, lekin, katta ehtimol bilan gap yakuniy nuqtasi rus qo‘shinlarining Xersondan olib chiqilishi bo‘lgan bir necha hujumkor harakatlar seriyasi haqida borgan.