Harbiy ekspert Yan Matveyev qarshi hujumning birinchi bosqichi haqidagi kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ukraina qo‘shinlari 100 km kvadratdan ziyod hudud va 8 ta aholi punkti — Novodarivka, Levadne, Storojive, Makarivka, Blahodatne, Lobkove, Neskuchne va Pyatixatkini ozod qilishga erishdi.

Ozod qilingan Storojyeve qishlog‘i. Foto: reddit.com

Ikki joyda — Kamenske va Velika Novosilka hududida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasining birinchi himoya chizig‘igacha yorib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Tokmak yo‘nalishidagi Rabotine va Pologi yo‘nalishidagi Rabotine Novopokrovki hududida esa aytarli siljish yo‘q.

Har ikki tomon texnika borasida sezilarli yo‘qotishlarga duchor bo‘lgan. Rossiya armiyasi bir necha artilleriya qurilmalari va baravar o‘t ochish raketa tizimlari, shuningdek havo hujumidan mudofaa tizimlaridan ayrilgan. Ukraina qurolli kuchlari qismlari yangi yetkazib berilgan zirhli texnikalarning 10 foizidan ajralgan, jumladan: 5 ta A4 va A6 modifikatsiyadagi Leopard 2 tanklari (jami 60 ta yetkazilgan), kamida ikkita AMX-10RC mashinalari (40 ta yetkazilgan) va 18 ta M2A2 Bradley zirhli mashinalari (124 ta yetkazilgan).

Ukraina qurolli kuchlarining yo‘q qilingan zirhli tank kolonnasi. Foto: CNN

Bundan tashqari, ukrainaliklar MaxxPro va boshqa tipdagi sovet zirhli texnikasi va mashinalaridan ham judo bo‘lgan. Sezilarli yo‘qotishlar qatorida minalardan tozalovchi 3 ta Leopard 2R tanklari, bitta Wisent 1 va bir necha yana shunga o‘xshash texnikalar bor. Bularning barchasi razvedka maqsadlaridagi tayyorgarlik zarbalari emas, aynan qarshi hujumning birinchi bosqichiga guvoh bo‘lganimizdan dalolat beradi.

Mina tozalovchilar nam tuproqqa botib qolmoqda. Foto: t.me/ok_spn

Hujumlarning o‘zi kichikroq, batalyon-rota darajasidagi guruhlar yordamida olib borildi. Bunda qayerdadir texnikalar soni ko‘proq bo‘ldi, qayerlardadir piyoda qo‘shinlar soni. Ukraina QK turli yondashuvlardan foydalanib, o‘z shturm guruhlarini o‘zgaruvchan shaklda qurishga harakat qilgan.