Yevropa klublari yangi futbolchilar bilan tarkibni kuchaytirishda davom etmoqda. Quyida so‘nggi kunlarda ro‘y bergan asosiy transferlar keltiriladi.

N’Golo Kante: «Chelsi» → «Al-Ittihod» (erkin agent)

N’Golo Kante. Foto: «Al-Ittihod» matbuot xizmati

Jahon chempioni kelajagini Saudiya Arabistoni bilan bog‘ladi. O‘tgan mavsum Kante uchun faoliyatidagi eng yomon mavsumlardan biri bo‘ldi. U «Chelsi» safida atigi to‘qqiz o‘yinda maydonga tushdi va Qatardagi jahon chempionatini o‘tkazib yubordi. Ushbu fransuz futbolchisi avvaliga paylardagi jarohatini davoladi, mavsum oxirida esa bel sohasidan jarohatlandi. Kante erkin agentga aylangach, arab klubidan yog‘li shartnoma oldi.

«Al-Ittihod»da to‘rt mavsum uchun futbolchi 100 mln yevro (har mavsumga 25 mln yevrodan) oladi. Qolaversa, unga tijoriy kelishuvlardan ulush va’da qilingan. Bu «Al-Ittihod»ning yozdagi ikkinchi transfer bombasi bo‘ldi — biroz avvalroq klub Karim Benzemani o‘z safiga qo‘shib olgandi. Kante «Chelsi»da o‘tgan yetti mavsumda olti turnirda, jumladan Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi va APLda g‘olib chiqdi.

Kristofer Nkunku: «RB Leypsig» → «Chelsi» (60 mln yevro)

Kristofer Nkunku. Foto: CHELSEAFC.COM

Nufuzli insayder Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, bu transfer bo‘yicha 2022 yil dekabridayoq kelishib olingandi. Nkunku aynan o‘shanda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va tomonlar barcha qog‘ozlarni imzolashgandi. O‘tgan vaqt ichida «Chelsi»da ikki bor murabbiy o‘zgardi. Transfer hal bo‘lganida jamoani Grem Potter boshqarardi, keyin — Frenk Lempard keldi, yozda esa bu lavozimni Maurisio Pochettino egalladi.

25 yoshli fransuz futbolchisi londonliklarga 60 mln yevroga tushdi. O‘tgan mavsumda u barcha turnirlar doirasida 36 o‘yinda maydonga tushgan va ajoyib statistika qayd etgan (23 gol, to‘qqiz golli uzatma). Kristofer Fransiya va Germaniya chempionatlarida to‘p surgan, endi esa yangi top-chempionatni zabt etishga harakat qiladi. Nkunku jahon chempionatiga yo‘l ololmaganidan qattiq ranjigandi — u turnir arafasidagi mashg‘ulotlar chog‘ida jarohat olib safdan chiqqandi.