— AQShning yuqori martabali amaldori 5 yilda ilk marta Xitoyga bordi. Tashrifning asosiy maqsadi nima edi?
Xayrulla Umarov: Bir qancha sabablarni ko‘rsatish mumkin. 2019 yilda tarqala boshlagan koronavirus masalasida ikki tomon bir-birini ayblagan edi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy masalalarning ortib borishi, Osiyo Tinch okeani mintaqasidagi munozarali orollar, Xitoyning Yaqin Sharq mintaqasidagi diplomatik yutuqlari, Falastin–Isroil mojarosiga Xitoyning munosabati va Ukraina urushi bilan bog‘liq masalalar. Ya’ni Blinkenning tashrifida muhokama qilinadigan mavzular yig‘ilib qolgandi.
Blinken aslida fevral oyida Pekinga kelishi kutilayotgan edi, biroq o‘sha vaqtda Xitoyning havo shari AQSh hududida paydo bo‘lgani yangi taranglikni keltirib chiqargandi. AQSh buni josuslik shari desa, Xitoy aksincha kosmik maqsadlarda foydalanishini ma’lum qilgandi.
Kamoliddin Rabbimov: Uchrashuvda albatta Rossiya-Ukraina urushi va Tayvan masalasi ham muhokama qilingan. AQSh ham, Xitoy ham buni har xil ko‘rinishda bildirdi. Ya’ni Qo‘shma Shtatlar Ukraina-Rossiya urushi jarayonida XXR Moskvaga qurol yetkazib bermasligini so‘rab keladi. AQSh bu borada Xitoyning qurol yetkazib bergani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan. AQSh va Xitoy hozirda dunyoning ikki qudratli davlati va ularning o‘zaro iqtisodiy bog‘liqligi nihoyatda yuqori darajada. Lekin AQSh so‘nggi yillarda Rossiyani dushman davlat deb belgilasa, Xitoyni asosiy raqib davlat sifatida ko‘rsatadi.
— AQShdagi elita va siyosatshunoslarning Xitoyga munosabati o‘zgarmoqdami?
Xayrulla Umarov: AQShning tashqi siyosati tizimli ravishda ishlaydi, hokimiyatga demokratlar kelsa ham, respublikachi kelsa ham, Rossiya va Xitoy raqib bo‘lib qolaveradi. Shuningdek, AQShning harbiy samolyotlari Xitoy chegaralari atrofida aylanib yurishi bevosita harbiy razvedka maqsadida aylanib yuradi va bu ham Xitoyning AQShga nisbatan shakllanadigan siyosatiga ta’sir o‘tkazadi.
Kamoliddin Rabbimov: AQShdagi elita va siyosatshunoslarning Xitoyga munosabati o‘zgargani yo‘q va o‘zgarmaydi ham. XXI asrning eng asosiy masalasi – AQSh va Xitoy o‘rtasida muqarrar bo‘ladigan to‘qnashuvda kim g‘alaba qozonadi degan savol. O‘ylaymanki yaqin o‘n yilliklar o‘rtasida mazkur ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki gibrid to‘qnashuv albatta yuz beradi.














