Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan mamlakatda internet foydalanuvchilari hamda OAVga doir ayrim raqamlar e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, 2016 yildan buyon O‘zbekistonda OAVlar soni 41 foizga oshgan.

Xususan, ro‘yxatdan o‘tgan telekanallar soni 65 tadan 84 taga (+29%), internet nashrlar 395 tadan 745 taga (+88%) yetgan. Shu davrda gazetalar soni 691 tadan 631 taga kamaygan (-9%).

2016 yilda faol blogerlar 50 dan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib ularning soni 1 200 dan oshadi. Umumiy olganda jami OAVlar soni mazkur davrda 1514tadan 2140taga oshgan.

O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilari soni 2014 yilda 14,7 milliondan 2023 yilga kelib 31 million nafarga yetgan. Bu raqamlarning asosiy qismi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilariga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonliklar eng ko‘p foydalanadigan tarmoq – Telegram messenjeri bo‘lib, unda 30,6 milliondan ortiq o‘zbekistonlik foydalanuvchi bor. Keyingi o‘rinda qiziq ravishda Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘i turibdi – 18 million o‘zbekistonlik unda foydalanishi aytilgan AOKA tahlilida.

Meta kompaniyasining 2 ta asosiy dasturi Facebook va Instagram'da mos ravishda 7,6 million va 7,1 million nafar o‘zbekistonlikning akkaunti bor. Yangi davrda uzoq vaqt blokda qolgan Twitter'da esa bor-yo‘g‘i 148 ming nafar o‘zbekistonlik akkaunt ochgan. Vkontakte foydalanuvchilari soni 1,4 million nafarda oshadi (Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlar hisobiga kattaroq ko‘rinish olgan bo‘lishi mumkin). Muloqotdan tashqari, asosan yangi ish o‘rinlari va o‘zining kasbiy muvaffaqiyatlarini e’lon qilib boruvchi platforma – LinkedIn'dagi o‘zbekistonliklar soni 500 mingdan oshgan.

Bugun O‘zbekiston jamiyatidagi muammolarga tezkor reaksiya va faol munosabat bildirishda yuqoridagi tarmoqlarning eng faollari sifatida Telegram, Instagram, Facebook va Twitter'ni keltirish mumkin. Tahlillarda, shuningdek, .uz domenida ham faollik oshganini kuzatish mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda AOKA 6 ta eng mashhur ijtimoiy tarmoq va xosting ma’muriyatlari bilan aloqalar o‘rnatgan. Natijada soxta va noqonuniy ma’lumotlar tarqalishiga qarshi agentlik tomonidan 5402 ta xabarnoma yuborilgan. AOKA bu xabarnomalar kimga yuborilganiga: post/izoh mualliflarigami yoki ijtimoiy tarmoq ma’muriyatigami, aniqlik kiritmagan.