Jahon | 13:21 / 01.07.2023
9720
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyadagi tartibsizliklar paytida mingga yaqin odam qo‘lga olindi

Fransiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, kechagi tartibsizliklar chog‘ida 994 kishi qo‘lga olingan, biroq vaziyat avvalgi kunga nisbatan tinchroq.

Foto: Getty Images

Fransiya huquq-tartibot idoralari politsiyachi tomonidan o‘ldirilgan o‘smir ishi bo‘yicha tartibsizliklarning to‘rtinchi kechasida 994 kishini qo‘lga oldi. Bu haqda 1 iyul, shanba kuni ertalab mamlakat Ichki ishlar vazirligi Twitter’da ma’lum qildi.

Mahkama ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar bilan to‘qnashuvlarda 79 nafar politsiyachi yaralangan. Biroq, butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik kuchlarining safarbar etilishi tufayli zo‘ravonlik intensivligi pasaygan, deya bildirdi Ichki ishlar vazirligi. 

Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanin politsiya va jandarmlar bilan uchrashish uchun kechasi Parij g‘arbidagi Mant-la-Joli shahriga keldi, deb xabar berdi BFMTV. Tashrif chog‘ida u tartibsizliklar ko‘lami avvalgi kechaga qaraganda «ancha kichikroq» bo‘lganini, Il-de-Fransning ba’zi hududlarida esa vaziyat «o‘ta tinch» ekanini aytdi. Shu bilan birga, u Marsel va Lionda «qabul qilib bo‘lmaydigan zo‘ravonlik»ni qayd etdi. 

Juma kuni kechqurun Marsel meri Benua Payan mamlakat rasmiylarini shaharga «zudlik bilan qo‘shimcha huquq-tartibot kuchlarini yuborish»ga chaqirdi. «Marseldagi talonchilik va zo‘ravonlik holatlarini qabul qilib bo‘lmaydi. Men bu vandalizm harakatlarini qattiq qoralayman», deb yozdi u Twitter’da. 

Ichki ishlar vazirligi rahbari Jyerald Darmanen 30 iyun kuni kechqurun TF1 telekanali efirida chiqish qilib, 1 iyulga o‘tar kechasi ko‘chalarda tartibni ta’minlash maqsadida 45 ming politsiyachi jalb etilishini aytdi. Taqqoslash uchun: 29 iyundan 30 iyunga o‘tar kechasi shu maqsadda 40 ming politsiyachi jalb qilingan edi. 

O‘smir bilan bog‘liq fojia 27 iyun kuni yuz bergan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mashinani boshqarayotgan Nael M. ismli yigit uning talablarini bajarishdan bosh tortgan. Fransiyaning Rfi internet nashri xabariga ko‘ra, yosh haydovchini otgan 38 yoshli politsiyachi qasddan qotillikda gumon qilinib, hibsga olingan. 

27 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda voqea aks etgan video tarqaldi. Undan ko‘rinib turibdiki, sariq rangli mashinani tekshirish vaqtida politsiyachilardan biri haydovchiga qurol o‘qtalib turgan. Mashina uzoqlashayotganda politsiyachi o‘q uzgan va haydovchining ko‘kragini nishonga olgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar Naelni qutqara olmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u bilan birga mashinada yana ikki kishi bo‘lgan. Ulardan biri qochishga muvaffaq bo‘lgan, ikkinchisi - voyaga yetmagan shaxs, qo‘lga olingan, ammo 29 iyun kuni erta tongda qo‘yib yuborilgan. 

Mavzuga oid