Kuni kecha 100 foizlik ulushiga Toshkent shahar hokimligi egalik qiladigan “Yunusobod business city tadbirkorlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi xodimi 300 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ushlandi.
Kun.uz mazkur ish ortidan poytaxt hokimligi ta’sis etgan tadbirkorlik sub’yektlari bilan qiziqib ko‘rdi.
Ochiq manbadagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi ko‘plab korxonalarda ulushdor. Ular orasida bank, maishiy elektr jihozlari, hatto zargarlik buyumlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari ham bor.
So‘nggi 5 yilda hokimlik ta’sischiligida 15dan ortiq tijoriy korxonalar tashkil etilgan.
Jumladan, hokimlik 2018 yil 29 dekabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Poytaxt bank”AJga 100 foiz ulush bilan egalik qiladi.
“Poytaxt bank”ning asosiy faoliyati Toshkent shahrida ko‘p qavatli turar joy binolarining qurilishi bilan bog‘liq jarayonlarda yuridik va jismoniy shaxslarga bank xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat.

2019 yil 19 avgustda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Gold Moon Tashkent” MChJning egasi ham poytaxt hokimligi hisoblanadi. Faoliyat turi zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bo‘lgan korxonaga Jasur Ruzayev rahbarlik qiladi.
“Gold Moon Tashkent” MChJ tomonidan Italiya texnologiyalari asosida “Fonon” nomida zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi zavod qurilgan. Rasmiy saytida ta’kidlanishicha, kompaniya hozirda O‘zbekiston bo‘ylab do‘konlar tarmog‘iga ega. “Intellektual mulk” tizimidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Fonon savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga “Technology Development” MChJ ariza bergan. 2018 yil aprelda tashkil etilgan bu korxonaning elektron manzili 2021 yil holatiga @artelgroup.org domenida ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi



























