Jahon | 12:05 / 06.07.2023
13182
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya fuqarolariga Rossiyani tark etish tavsiya qilindi

«Rossiyadagi vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydi», dedi Buyuk Britaniyaning Rossiyadagi elchisi. Britaniya rasmiylari agar u yerda bo‘lish zarurati bo‘lmasa, mamlakatni tark etishni tavsiya etdi.

Buyuk Britaniyaning Moskvadagi elchixonasi / Foto: skynews

Buyuk Britaniyaning Moskvadagi elchixonasi Britaniya fuqarolarini u yerdagi vaziyat oldindan aytib bo‘lmaydigan holatda ekani sababli Rossiyani tark etishga chaqirdi. Elchi Debora Bronnertning xabari 5 iyul, chorshanba kuni diplomatik missiyaning Twitter va Telegram’ida e’lon qilindi.

«Biz og‘ir va keskin davrda yashayapmiz hamda so‘nggi bir necha haftadagi voqealar Rossiyada hamon barchamizni tashvishga solmoqda», — deyiladi murojaatda. 

«Urush Ukrainaga dahshatli ziyon yetkazmoqda, biroq u Rossiya va butun dunyoga ham zarar keltirmoqda. Ko‘rib turganimizdek, Rossiyadagi vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydi», - dedi diplomat. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya rasmiylari Rossiyaga bormaslik va agar u yerda bo‘lish zarurati bo‘lmasa, mamlakatni tark etishni maslahat berishda davom etmoqda. Rossiyadagilar Britaniya Tashqi ishlar vazirligining barcha tavsiyalariga amal qilishlari kerak, deya qo‘shimcha qildi Bronnert. 

Buyuk Britaniyaning Moskvadagi elchixonasi va Yekaterinburgdagi Bosh konsulligi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. 

AQSh hukumati o‘z fuqarolariga urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay Rossiyani tark etishni tavsiya qildi. Shu paytgacha Germaniya hukumati Rossiyaga sayohat qilishdan tiyilishni maslahat bergan. 

Mavzuga oid