Milashina va Nemov chorshanbaga o‘tar kechasi Vladikavkazdan uchib ketgan. Ularga shifokorlar, shuningdek Venediktov hamda Milashina ishlovchi «Novaya gazeta» nashri bosh muharriri Dmitriy Muratov hamrohlik qilgan.

Moskvada ularni tez yordam mashinasi kutib olgan va Moskvadagi shifoxonalardan biriga olib ketgan (Venediktov e’lon qilgan fotoga ko‘ra, gap  Botkin shifoxonasi haqida bormoqda).

Hujum 4 iyul kuni ro‘y bergandi. «Kaltaklash vaqtida ularga shunday deyishgan: Sizni ogohlantirgandik. Bu yerdan keting va hech narsa yozmang», — deyiladi «Memorial» xabarida. «Qinoqlarga qarshi jamoa»ga ko‘ra, hujumdan keyin Nemov va Milashina yura olmay qolishgan, advokatning oyog‘iga pichoq tiqib olingan, Milashinaning butun tanasida kaltak izlari qolgan, sochi esa qirib olingan va zelyonka sepilgan.

Nemov va Milashina Grozniyga Zarema Musayevaning sudida ishtirok etish uchun kelishgandi. Ular sudga bora olishmadi. Aeroportdan Grozniyga kelish yo‘lida ularning avtomobili qurollangan shaxslar tomonidan to‘sib chiqilgan, keyin jurnalist va advokatni kaltaklashgan, qurol bilan tahdid qilishgan, hujjatlar va texnikalarni tortib olib, yo‘q qilishgan.

Kremlda seshanba kuni bu hujumni «qattiq chora ko‘rishni talab qiladigan» «jiddiy hodisa» deb baholashdi.

«Novaya gazeta» jurnalisti Yelena Milashina Chechenistondagi voqealar va shaxslar haqida ko‘plab surishtiruvlar o‘tkazgan

«U bilan bog‘landik va bir soat ichida bizda samolyot bor edi»

Jurnalist Milashina va advokat Nemovni Beslandan Moskvaga eltgan maxsus bort aviatsiya biznesi bilan shug‘ullanuvchi xususiy kompaniya tomonidan taqdim etilgan, bu haqda Aleksey Venediktov «Dojd»ning ertalabki efirida aytib o‘tgan.

Jurnalist va advokatni hujum ro‘y bergan Grozniydan Shimoliy Osetiyaga tez yordam mashinasida olib kelishgan.

Venediktovning so‘zlariga ko‘ra, Muratov undan evakuatsiyani tashkillashtirishda yordam berishni so‘ragan. «Men o‘zim uchun yordam berishi mumkin bo‘lgan 12 kishi ro‘yxatini tuzib chiqdim», — degan Venediktov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi qo‘ng‘iroqdayoq unga «Rossiyada samolyotlar bilan shug‘ullanuvchi» va biznes-jyetlar parvozini tashkillashtirib beruvchi odam borligi haqida aytishgan: «Men u bilan bog‘landim va bir soat ichida bizda samolyot bor edi, keyin esa tibbiy guruh kerakmi, Moskvadan olib borish kerakmi, degan savol qo‘yildi».