Jahon | 09:56 / 07.07.2023
4562
3 daqiqa o‘qiladi

Praga va Sofiya Zelenskiyga NATOga a’zolik yo‘lida yordam haqida va’da berdi

Zelenskiy Pragada Chexiya prezidenti Petr Pavel va bosh vazir Petr Fiala bilan muzokaralar o‘tkazdi. Kunning ikkinchi yarmida Ukraina rahbari Sofiyada ham shunday uchrashuvlar o‘tkazdi.

Volodimir Zelenskiy va Petr Pavel / Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6 iyul, payshanba kuni kechqurun Chexiyaga keldi. Tashrifdan maqsad Chexiya prezidenti Petr Pavel, bosh vazir Petr Fiala va parlament vakillari bilan Kiyevni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «mohiyatli muzokaralar» o‘tkazishdir, dedi Zelenskiy Twitter’da. Shuningdek, Litvadagi bo‘lajak NATO sammiti, Yevropa integratsiyasi va Ukrainani urushdan keyingi tiklash masalalari ham muhokama qilinadi, deyiladi xabarda.

Zelenskiy kelasi hafta NATO sammitida Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga a’zoligi haqida aniq xabar berilishini kutmoqda. «Bizni NATOga taklif qilishlarini istaymiz», dedi u Pragada chexiyalik hamkasbi bilan uchrashuvdan keyin. Shu bilan birga, Zelenskiy alyansning barcha a’zolarining qo‘llab-quvvatlashini olish uchun «qiyinchiliklar»ni tushunishini ta’kidladi. 

Pavel, o‘z navbatida, Ukrainaning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni urush tugaganidan so‘ng darhol boshlash tarafdori ekanligini aytdi. «Bu bizning xavfsizligimiz, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy farovonlik manfaatlariga ham javob beradi», dedi u. Unga ko‘ra, Chexiya joriy yilda Ukrainaning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash ustida ish olib boradi. 

NATO sobiq generali Petr Pavel aprel oyida Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova bilan Kiyevga tashrif buyurgan edi. Dpa agentligiga ko‘ra, Chexiya Ukrainaning eng prinsipial ittifoqchilaridan biri hisoblanadi. Birgina joriy yilning yanvar-may oylarida Praga Kiyevga 24 ta tank, 76 ta bronetransportyor va 16 ta zenit qurilmalari, shuningdek, 57 mingta artilleriya snaryadlari va boshqa materiallar, shu jumladan ehtiyot qismlar va yadroviy, biologik va kimyoviy qurollardan himoya vositalarini topshirdi.

Kunning ikkinchi yarmida Ukraina prezidenti Bolgariya poytaxti Sofiyaga ham tashrif buyurdi va u yerda davlat rahbari Rumen Radev va bosh vazir Nikolay Denkov bilan uchrashdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda Denkov Ukraina mudofaasi, ukrainalik harbiy xizmatchilarni davolash va reabilitatsiya qilish hamda tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bundan tashqari, har ikki davlatning tegishli vazirlari energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid