«MYu» top-transferini e’lon qildi

Meyson Maunt. Foto: MANUTD.COM

«Manchester Yunayted» yozdagi ilk yirik transferi haqida e’lon qildi. Mankunianliklar Meyson Mauntni safiga qo‘shib oldi. 24 yoshli futbolchining «Chelsi» bilan bir yillik shartnomasi qolgandi. U «ko‘klar» jamoasida 2005 yildan buyon to‘p tepib kelayotgandi, asosiy jamoa safida 197 o‘yin o‘tkazgandi. Ammo endi uning faoliyatida yangi sahifa ochildi.

Mauntning transferi uchun «MYu» 55 mln funt to‘laydi, bonuslar hisobiga bu miqdor 60 mln funtga yetishi mumkin. Besh yillik shartnomaga imzo chekkan futbolchi yangi klubida haftasiga 250 ming funt ishlaydi (bonuslardan tashqari). U Ronaldudan keyin bo‘sh turgan 7 raqamli futbolkani tanladi. 

«Barselona»ning yozdagi ikkinchi transferi

Inigo Martines. Foto: FCBARCELONA.COM

«Barsa» rasmiy saytida himoyachi Inigo Martines bilan shartnoma imzolagani haqida e’lon qildi. 32 yoshli futbolchi bilan 2025 yil 30 iyuniga qadar amal qiluvchi kelishuv tuzilgan.

Futbolchining «Barselona» bilan shartnomasida 400 mln yevro miqdorida badal puli belgilangan. Martines bungacha «Real Sosedad» va «Atletik» Bilbao klublarida to‘p surgan. Primeraning yakunlangan mavsumida Inigo basklar jamoasi uchun 18 o‘yinda maydonga tushdi. U shuningdek Ispaniya milliy jamoasi safida 20 o‘yin o‘tkazgan. «Barselona» uchun bu ikkinchi transfer bo‘ldi. Bungacha ko‘k-anorranglilar «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Ilkay Gundo‘g‘anni ham erkin agent maqomida o‘z safiga qo‘shib olgandi.

«Atletiko» himoya chizig‘ini tekinga kuchaytirdi

Chag‘lar Suyunchi. Foto: ATLETICODEMADRID.COM

Madridning «Atletiko» klubi «Lester» sobiq himoyachisi Chag‘lar Suyunchi bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi. 27 yoshli turk futbolchisining «tulkilar» bilan kelishuvi muddati tugagan. Shuning uchun «Atletiko» tekinga yaxshigina himoyachini qo‘lga kiritdi. Suyunchi «Lester» safida 2018 yil yozidan buyon o‘ynab kelayotgandi. O‘shanda klub uni Germaniyaning «Frayburg» klubidan 21 mln yevroga xarid qilgandi. Angliyada besh yilni o‘tkazgan Chag‘lar endi yangi chempionatda o‘z kuchini sinab ko‘radi. «Atletiko» u bilan to‘rt yillik shartnoma tuzgan.