Ucell aloqa operatori, CRPT Turon markirovkalash kompaniyasi va ICS Holding Uzbekistan'ga egalik qiladigan “Digital Holding” MChJ ta’sischilari ro‘yxatida o‘zgarish ro‘y berdi.

Jamiyat ta’sischilari qatoriga 4,9 foiz ulush bilan jismoniy shaxs Kim Vadim Anatolevich qo‘shildi. O‘z navbatida, Rossiyaning Digital Invest kompaniyasining ulushi xuddi shunchaga kamayib, 51 foizdan 46,1 foizga tushdi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 49 foizlik ulushi o‘zgarishsiz qoldi.

Bu holat Digital Invest'ga AQSh sanksiyalari qo‘llanishi ortidan ro‘y bermoqda. Aprel oyida AQSh Moliya vazirligi Alisher Usmonovga aloqador kompaniyalar qatorida Digital Invest'ni ham qora ro‘yxatga kiritgandi. Sanksiyaga uchragan bu kompaniya yuqoridagi o‘zgarish natijasida endilikda Digital Holding kompaniyasidagi ulushlarning nazorat paketi egasi hisoblanmaydi.

Qayd etish lozim, AQSh yuqoridagi sanksiyani e’lon qilish asnosida, Digital Invest va “MegaFon” foydasiga istisno haqida ham ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, Amerika fuqarolari va kompaniyalari Rossiyaning bu ikkita kompaniyasi bilan Tojikiston va O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan har qanday bitimlarni tuzishi, xususan ularga Amerika mahsulotlari va texnologiyalarini ularga sotishi mumkin.

Digital Holding ishtirokchisiga aylangan Kim Vadim Anatolevich ayni paytda yana kamida to‘rtta korxonaning ham ta’sischisi hisoblanadi. U “Vakdesign” XK (tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish), “Malon Commerce” XK (bojxona agentlarining xizmatlari), “G-Will” MChJ (ovqatlanishni tashkil qilishning boshqa turlari) va “E-Car Dealer” MChJ (boshqa toifalarga kiritilmagan, axborot xizmati ko‘rsatish bo‘yicha boshqa faoliyat)ning yagona ta’sischisi sifatida ko‘rsatilgan.

O‘tgan kunlarda Digital Holding'ning ta’sischilari bilan birga, uning yuridik nomi ham o‘zgargan. Gazeta.uz'ning yozishicha, 3 va 5 iyul kunlari holatiga davlat reyestrida korxona nomi bitta harfni olib tashlagan holda Digital Olding sifatida qayd etilgan, 5 iyul oqshomda avvalgi nomi qaytarib qo‘yilgan.

Rossiyaning Digital Invest kompaniyasi Digital Holding'dagi ulushidan 4,9 foizini qay tarzda begonalashtirgani (oldi-sotdi yoki boshqacha tarzda voz kechish) ma’lum emas. Agar bu oldi-sotdi tarzida ro‘y bergan bo‘lsa, u holda MChJlar to‘g‘risidagi qonunga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligida sotilayotgan ulushni sotib olishda uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquq yuzaga kelgan bo‘ladi. Kun.uz bu borada aniqlik kiritishni so‘rab, agentlik matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.