Jahon | 10:30 / 08.07.2023
8408
3 daqiqa o‘qiladi

Litva, Polsha va Latviya NATOga Minsk tahdidlari haqida shikoyat qildi

Rossiya taktik yadro qurollarining Belarusda joylashtirilishi hamda Prigojin va «Vagner» XHK jangchilarining kutilayotgan ko‘chirilishi mintaqa xavfsizligiga salbiy ta’sir qiladi, dedi Nauseda, Duda va Levits.

Foto: BNS

Litva, Polsha va Latviya prezidentlari Gitanas Nauseda, Anjyey Duda va Egils Levits NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg hamda alyans davlat va hukumat rahbarlariga maktub yo‘llab, ularni Belarusdagi vaziyat rivojlanishi bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi choralar ko‘rishga chaqirdi. Murojaat haqidagi ma’lumot 7 iyul, juma kuni Litva rahbari matbuot xizmati tomonidan tarqatildi. 

Maktub mualliflari ta’kidlashicha, Moskva va Minsk o‘rtasidagi «borgan sari yaqinroq harbiy integratsiya mintaqa va butun Yevroatlantika makonining xavfsizligini» yomonlashtirdi. Bu, xususan, Belarusda taktik yadroviy qurollarni joylashtirishga tegishli. Bu qadam Rossiya-NATO asosiy aktini ochiqdan-ochiq buzish va «bu hujjat endi amalda emasligini» tasdiqlaydi, deb hisoblaydi uch davlat rahbarlari.

Nauseda, Duda va Levits shuningdek, rossiyalik yollanma askarlarning «Vagner» va Yevgeniy Prigojinning Belarusga ko‘chirilishi ushbu mamlakatda «siyosiy barqarorlik uchun xavf» tug‘dirishini va buning natijasida «an’anaviy rejim yadro qurollari ustidan nazoratni yo‘qotishi mumkin», deb ta’kidladi.

Murojaat mualliflarining fikricha, Belarus uchinchi davlatlardan Yevropa Ittifoqiga noqonuniy muhojirlarning ommaviy migratsiyasi yangi to‘lqinini ham tashkil qilishi mumkin. Belarus xalqi NATOdan demokratik, barqaror va gullab-yashnagan, «zabt etilmagan va fuqarolik nizolarida foydalanilmagan» Belarus ittifoq uchun muhim ekanligi haqida aniq xabarga muhtoj, deyiladi maktubda. 

Ittifoqchilarning kursi yadroviy to‘siqni qayta ko‘rib chiqish, Belarusdan kelib chiqadigan odatiy tahdidlarga moslashish, sharqiy qanotdagi armiya zaxiralarini to‘ldirish, mudofaa xarajatlarini YaIM ikki foizidan ko‘proq oshirish, xarajatlarni NATO ustuvorliklariga moslashtirish, ittifoqchilarning gibrid tahdidlarga chidamliligini oshirishni o‘z ichiga olishi kerak, deyiladi Litva, Polsha va Latviya prezidentlarining qo‘shma maktubida. 

Aleksandr Lukashenko 6 iyul kuni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Belarusda joylashtirilsa, undan mamlakatni himoya qilish uchun foydalanish mumkinligini aytdi. «Men bu jangchilarning ma’lum sonini joylashtirganimizdan mutlaqo xavotirda emasman va tashvishlanmayman», dedi Lukashenko. U agar bu sodir bo‘ladigan bo‘lsa, «muayyan shartlarda yuz berishini» ta’kidladi. «Asosiy shart shuki, agar biz ushbu bo‘linmadan davlat mudofaasi uchun foydalanishimiz kerak bo‘lsa, u bir zumda istalgan yo‘nalishda faollashadi», - deya qo‘shimcha qildi Belarus rahbari. 

Mavzuga oid