2022 yil yozida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini fonida, Shvetsiya va Finlandiya NATOga a’zo bo‘lib kirish uchun zayavka topshirgandi. Alyans qoidalariga ko‘ra, bu murojaatlar barcha ishtirokchi davlatlar tomonidan ma’qullanishi talab etiladi, ammo Turkiya ikki mamlakatni ham Kurdiston ishchi partiyasini qo‘llashda ayblab (Anqara bu partiyani «terrorchilik tashkiloti» deb biladi), qarshi chiqdi. Finlandiya barcha shartlarni bajardi va allaqachon alyans a’zosiga aylandi, ammo Shvetsiya bilan bog‘liq vaziyat murakkab tus oldi. NATOning Vilnyusdagi sammiti arafasida Rajab Toyyib Erdo‘g‘an agar Turkiya Yevroittifoqqa qabul qilinsa, uning mamlakati Shvetsiyaning alyansga qo‘shilishiga rozi bo‘lishini aytdi. Ammo bir necha soat o‘tib baribir Stokholmning zayavkasini qo‘llashga rozilik berdi. «Meduza» sharqshunos Ruslan Suleymanovdan Erdo‘g‘an nega aynan bunday harakat qilgani va bu unga yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlarda yo‘qotishi mumkin bo‘lgan hokimiyatni saqlab qolishda qanday ko‘mak berishi borasida so‘radi.
«Bu [Erdo‘g‘anning Shvetsiya NATOga qo‘shilishiga roziligi] kutilmagan holat bo‘lmadi. Barchasi shunga qarab ketayotgandi, bu shunchaki vaqt masalasi edi.
Erdo‘g‘an vaqti-vaqti bilan ilgari surayotgan talablar — masalan, Stokholm 120 nafar kurd faolini Anqaraga berishi bo‘yicha — niqob edi. Erdo‘g‘an G‘arb va Rossiya o‘rtasida ikki tomonlama o‘yin qildi, ammo yakunda Finlandiya ham, Shvetsiya ham NATOga kirishi bo‘yicha qaror qabul qildi. Ko‘p jihatdan u Kreml bunga mutlaqo munosabat bildirmasligini anglab turgani tufayli shunday bo‘ldi — biz buni [reaksiya yo‘qligini] Finlandiyaning zayavkasi ma’qullanganida ko‘rgandik. Shvetsiya bilan ham shunday — Kreml buni shunchaki yutib yuboradi va bunga hech narsa demaydi.
NATOning o‘tgan yil yozidagi sammitida Turkiya, Shvetsiya va Finlandiya Stokholm va Xelsinkining alyansga kirishi bilan bog‘liq barcha masalalarni birgalikda hal qilish haqidagi dastlabki kelishuvlarni imzolagandi. O‘shandayoq Anqara shu yo‘ldan borishi va Moskva bilan o‘ynashda davom etmasligi aniq edi. Ammo Erdo‘g‘an balans uchun o‘zining alohida o‘yinini o‘ynadi.
Boshqa tomondan, bu ichki siyosiy resurs hamdir: Erdo‘g‘an o‘zini turk xalqi manfaatlari himoyachisi sifatida ko‘rsatadi, Turkiyada esa hali ham NATOga qarshi kayfiyat kuchli. May oyida bo‘ladigan saylovlar arafasida esa bu kartani Shvetsiya va Finlandiya bilan o‘ynash uning uchun muhim edi. Shunday ekan, bu o‘yin Erdo‘g‘an uchun juda foydali bo‘ldi — ammo u ertami-kechmi shvedlarning ham zayavkasini ma’qullagan bo‘lardi.















