16:06 / 14.07.2023
30810

«2017-2022 yillar oralig‘ida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 35,3 foizga oshdi» – Markaziy bank

2017 yildan keyingi davrda O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari oshishiga oltin narxining qimmatlashishi sezilarli ta’sir o‘tkazgan. Xususan, ushbu davrda oltin-valuta zaxiralari 9,3 mlrd dollarga ko‘paygan bo‘lib, shundan 6,9 mlrd dollar aynan oltin narxi o‘zgarishi bilan bog‘liq.

Foto: Bloomberg

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalqaro zaxiralariga doir tarqalayotgan xabarlar yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, xalqaro zaxiralar hajmi 2017 yil bilan solishtirilganda 9,3 mlrd dollar yoki 35,3 foizga oshgan bo‘lib, bu holat 2017-2022 yillar mobaynida xalqaro zaxiralar tarkibidagi monetar oltin hajmining 67 tonnaga ortganligi hamda oltin narxining 2017 yil boshidagi 1159,1 dollardan 2022 yil yakuniga 1812,4 dollargacha ko‘tarilishi bilan izohlanadi. Bunda xalqaro zaxiralar xajmiga oltin narxi o‘zgarishining ta’siri 6,9 mlrd dollarni tashkil qilgan.

MB ko‘ra, xalqaro zaxiralarning keng ma’nodagi pul massasiga nisbati 2023 yil 1 iyul holatiga 204 foizni tashkil qilgan bo‘lib, 20 foizlik minimal talabdan 10 barobar ko‘p.

2023 yil 1 iyul holatiga xalqaro zaxiralar 11,3 oylik importni qoplashga yetadigan darajada shakllantirilgan. Bu esa minimal talab etiladigan ko‘rsatkichdan qariyb 4 barobarga yuqoridir (minimal talab 3 oy).

«Mavjud xalqaro zaxiralar O‘zbekistonning 2023 yil davomida so‘ndirilishi kutilayotgan qisqa muddatli tashqi qarzlarini to‘liq qoplaydi hamda bugungi kunda minimal talabga nisbatan qariyb 5,1 barobar yuqori darajada shakllangan. Tashqi savdo bo‘yicha asosiy hamkor mamlakatlar ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining YaIMdagi ulushi nisbatan yuqori darajada shakllangan. Jumladan, O‘zbekistonda xalqaro zaxiralarning YaIMga nisbati 44 foizni tashkil qiladi», deyiladi regulyator bayonotida.

Mavzuga oid
Top