Rossiya televideniyesidagi propaganda tok-shousida asosiy mavzu NATOning Vilnyusdagi shousi bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, Olga Skabeyeva boshlovchilik qiladigan «60 minut» ko‘rsatuvining navbatdagi efirida Rossiya qo‘shinlari okkupatsiyasi ostidagi Berdyansk shahri Storm Shadow raketalari bilan o‘qqa tutilgani mavzusiga ham to‘xtab o‘tildi. «Mudofaa vazirligidan rasmiy ma’lumot yo‘q. Ammo deyarli barcha OAV allaqachon yozib bo‘ldi...», – deya sharhladi teleboshlovchi.
«Ha, – dedi unga javoban Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Rossiya televideniyesidagi asosiy spikerlardan biriga aylangan general-leytenant Gurulev. – U o‘tgan yilda juda og‘ir yaralangan, uni bazo‘r olib chiqishgan va aslida sog‘ligi holati tufayli u bugun frontga bora olmasdi, uni hisobdan chiqarish mumkin edi. U dedi: yo‘q, yigitlar, men u o‘sha yerda bo‘laman va yana natsistlar bilan jang qilish uchun ketaman. Afsuski, u qahramonlarcha halok bo‘ldi, bu inson katta hurmatga loyiq, qurolli kuchlarda obro‘si juda baland edi va bu haqiqat».
Gurulev shu tariqa nafaqat Oleg Tsokov o‘limi faktini, balki ushbu general 2022 yil sentabrida jiddiy jarohat olgani haqida o‘tgan yil ukrain manbalarida tarqalgan xabarlarni ham tasdiqladi.
Tsokov Berdyanskda halok bo‘lgani to‘g‘risida ilk bor 11 iyul tongida Ukrainaning Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan Mariupol shahri meri maslahatchisi Petro Andryushchenko xabar bergan, uning ortidan bu ma’lumot qator ukrain telegram-kanallarida tarqalgandi.
Tsokovning o‘limi haqidagi dastlabki xabarlar u qadar ishonchli ko‘rinmagandi, chunki u yaqin vaqtgacha rahbarlik qilib kelgan 144-diviziya Luhansk oblastidagi Liman yo‘nalishidagi harbiy harakatlarda ishtirok etmoqda. 2022 yil sentabrida ushbu tuzilma harbiy xizmatchilari Ukraina qurolli kuchlarining Xarkiv oblastidagi qarshi hujumi vaqtida qurshovga tushib qolishiga bir baxya qolgandi, keyingi oylarda esa ularning front chizig‘idagi harakatlari bilan bog‘liq xabarlar faqat Luhansk oblastidan kelgan – bu haqda rossiyaliklarning mashhur «Rybar» telegram-kanali ham, «Informatsionnoye soprotivleniye» guruhidan bo‘lgan ukrainalik harbiy tahlilchi Konstantin Mashovets ham yozgan. Shuningdek, brigada harbiy xizmatchilarining bir qismi Belarusdagi poligonlarda ekani to‘g‘risida ham xabarlar bo‘lgan.
Iyun oyi o‘rtalarida 144-diviziya harbiy xizmatchilari Luhansk oblastining Kreminna shahri yaqinida jiddiy yo‘qotishga uchragan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqalgandi, ularni o‘shanda 20-armiya qo‘mondoni, general Suxrob Axmedovning nutqini tinglash uchun bir joyga to‘plashgandi, ammo general kelishidan oldin ular Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutiladi.
















