«Mo‘jiza sodir bo‘lmadi». Ukraina NATO sammiti natijalarini qanday baholadi?
NATO Ukrainaga eshik ochmagani ko‘plab ukrainaliklarning hafsalasini pir qildi. Mutaxassislar urush cho‘zilib ketishidan xavotirda, ayni paytda rasmiylar Vilnyusdan kelgan xabarni alyans yo‘lidagi poydevor sifatida ko‘rmoqda.

Foto: Pavel Golovkin/AP
11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tgan sammitda Ukraina uchun NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha rasmiy taklif berilmadi. Buning o‘rniga Kiyev kelajak uchun alyansga qo‘shilishning o‘zgartirilgan tartibini (a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasini bekor qilish) va yetakchilarning g‘alabadan keyin mamlakat NATOga a’zo bo‘lishiga kafolatini oldi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vilnyusga ketayotib, sammit yakunlari bo‘yicha rezolyutsiya loyihasida Ukrainani ittifoqqa taklif qilish uchun muddat va shartlar yo‘qligini «misli ko‘rilmagan holat va bema’nilik» deb atadi, ammo yakunda o‘z ritorikasini o‘zgartirdi.
12 iyul, chorshanba kuni ukrainaliklarga kechki murojaatida Zelenskiy «Ukrainaning NATO yo‘lida xavfsizlik poydevori» haqida gapirdi, biroq alyansning qaroriga emas, balki o‘sha paytda e’lon qilingan Ukraina xavfsizligi bo‘yicha G7 mamlakatlari va’dalariga ishora qildi. «Bizda hech qachon bunday xavfsizlik poydevori bo‘lmagan va bu G7 darajasidir», dedi Zelenskiy. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov sammit natijalarini tarixiy deb atadi. «Ukrainaning 2023 yildagi Vilnyus sammiti kun tartibida o‘rni va vazni – bu to‘liq a’zolik to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan holda ham tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan voqea», — deb yozdi u Twitter’da. Danilov sammitni Rossiyaning «rossiya-sovet imperiyasini tiklash loyihasi yakuni» deb hisoblaydi.
Muxolifatdagi «Yevropa birdamligi» parlament fraksiyasi Zelenskiyning alyans haqidagi avvalgi so‘zlarini tanqid qildi va NATO haqidagi bayonotlarida ko‘proq vazminlikka, Ukraina hamkorlariga qarshi «shantaj» ishlatmaslikka chaqirdi.
«Ha, Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari ukrainaliklarga urush qurboni sifatida hamdardlik bildirmoqda, ammo bu mamlakatlarda qo‘llab-quvvatlashga qarshi bo‘lgan, narxlarning oshishi va o‘z fuqarolari o‘zgalar urushi uchun pul to‘lamasligi haqida gapiradigan kuchlar ham bor. Qo‘pollik va tajovuzkor bayonotlar ularga qo‘l keladi», – deb yozdi «Yevropa birdamligi» fraksiyasi hamraisi Irina Gerashchenko Telegram’da. Uning fikricha, Ukraina hukumati islohotlarga, xususan, korrupsiyaga qarshi kurash, so‘z erkinligi va demokratik jamiyatni rivojlantirish, siyosiy plyuralizm, inson huquqlarini hurmat qilish, ochiq davlat boshqaruvi masalalariga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak, bu Ukrainaning kelajakda NATOga a’zoligi uchun zarur shartdir.
Shu bilan birga, Ukrainada ko‘pchilik sammit natijalaridan hafsalasi pir bo‘lgan. «Men NATOga to‘laqonli a’zo bo‘lishimizga umid bog‘lay olmasligimizni tushunaman. Lekin alyans bizni NATOga qabul qilish uchun ma’lum vaqt parametrlarini e’lon qilishi mumkin edi. Aks holda, 2008 yilda Buxarestdagi sammitdan keyin qanday bo‘lgan bo‘lsak, o‘sha joyda qotib qolganmiz. Bu Ukrainani diplomatik rad etishdir», dedi DW bilan suhbatda Yevroatlantika hamkorlik instituti tahlilchisi Vladimir Gorbax.
Ekspert Ukrainaning NATOga kirishi uchun shartlar almashtirilishini (Kiyev moslashtirilgan yillik milliy dasturni bajarishi kerak) «og‘zaki muvozanatlash akti» deb atadi. «Bu xuddi shunday kirish tartibi, faqat boshqa nom bilan. Yillik milliy dastur ajralmas qismdir. Aslida, bu hech narsani o‘zgartirmaydi. Bizga aytishlaricha, ikki bosqich o‘rniga bitta bo‘ladi, lekin bu qadam ikkitaga tengdir», deydi Gorbach.
Demokratik tashabbuslar fondi direktori Petr Burkovskiy ham Vilnyusdagi bu yilgi sammitni 2008 yilgi NATO Buxarest sammitining Ukraina uchun takrorlanishi deb atadi. Ammo bir istisno bilan: «O‘shanda NATO eshiklari Ukraina uchun ochiq, lekin samimiy emas edi. Hozir ham NATO eshiklari Ukraina uchun ochiq, biroq samimiy darajada».
Tavsiya etamiz
Chigirtkalar bosqini: Bu ham iqlim bilan bog‘liq muammomi?
O‘zbekiston | 15:49 / 14.05.2025
«Eng kambag‘al prezident» Xose Muxika vafot etdi
Jahon | 08:03 / 14.05.2025
Toshkentda yo‘l o‘rtasidagi birinchi tezyurar yo‘lak qurilishi boshlanadi
O‘zbekiston | 19:08 / 13.05.2025
1 iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kiradi
O‘zbekiston | 17:29 / 13.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Virgin Galactic kosmosga parvozlar narxini oshiradi
Fan-texnika | 01:39
-
Ukraina uchinchi F-16 qiruvchi samolyotidan ayrildi
Jahon | 00:06
-
16 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘zbekiston | 22:31 / 16.05.2025
-
Qo‘qonda ammiak bilan bog‘liq favqulodda holat yuz berdi
O‘zbekiston | 22:26 / 16.05.2025
Mavzuga oid

00:06
Ukraina uchinchi F-16 qiruvchi samolyotidan ayrildi

20:58 / 16.05.2025
Juda afsusdamiz – Yevropa yetakchilari Istanbulda o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralariga izoh berdi

19:01 / 16.05.2025
Istanbulda Rossiya–Ukraina muzokaralari yakunlandi. Asosiy ma’lumotlar

18:23 / 16.05.2025