13 iyul kuni yoshlar ishlari agentligi mahalladagi yoshlar yetakchilari ish faoliyatini baholash elektron reyting tizimini yaratish va bir yillik texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha qiymati 753,48 mln so‘mlik tender o‘tkazgan. “United IT Company” MChJ, “Energy Consult” MChJ va “Entertainment” MChJlar ishtirok etgan tenderda “United IT company” g‘olib deb topilgan.
Motivatsion treninglarga – 1,7 mlrd so‘m
Agentlik o‘tkazgan yana bir e’tiborga molik tender yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida taniqli tadbirkorlar ishtirokida motivatsion treninglar tashkil etish xizmatini ko‘rsatishga oid. Loyiha qiymati 1 mlrd 702 mln so‘mni tashkil qiladi. Ushbu lot bo‘yicha 2023 yil 14 iyunda o‘tkazilgan tenderda “Yoshlar kelajagimiz jamg‘armasi” g‘olib bo‘lgan.
Agentlik va “Yoshlar kelajagimiz jamg‘armasi” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, jamg‘arma grafik asosida 17 iyundan 28 avgustga qadar respublika hududlarida motivatsion treninglar tashkil qilib berishi kerak.
1,7 mlrd so‘m mablag‘ning 192 mln so‘mi spikerlar va tashkiliy ishchi guruh uchun mehmonxona, yo‘l, ovqatlanish va xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlarga sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, motivatsion treninglarni tashkil etish xarajatlari – 725 mn so‘m; treninglarda faol ishtirok etgan yoshlarni rag‘batlantirishga 600 mln so‘m, trening reklamasi, mashhur blogerlarga reklama berish, targ‘ibot, anons videoroliklar tayyorlash, treninglarni to‘liq tasvirga olish uchun 185 mln so‘m sarflanadi.
Har biri 16 mln so‘mga teng videoroliklar
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan yana bir tender yoshlarga moliyaviy savodxonlik, kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatishga qaratilgan videomateriallarni tayyorlash xizmati ko‘rsatishga oid. Tender qiymati – 1 mlrd 696 mln so‘m.
Tender e’lonida keltirilishicha, davomiyligi 2 daqiqadan kam bo‘lmagan yoshlarga moliyaviy savodxonlikni o‘rgatishga qaratilgan videomateriallarni tayyorlash uchun 150 mln so‘m ajratilgan (jami 50ta video). Bunda har bir videoning o‘rtacha narxi 3 mln so‘mga teng.















