Sport | 18:09 / 17.07.2023
37023
10 daqiqa o‘qiladi

«Barsa»ning shoshilinch sotuvlari va «PSJ»ning supernishonlari. So‘nggi transfer xabarlari

«Chelsi» hujum chizig‘ini yangilashda davom etmoqda.

Foto: Getty Images

16 iyul kunida ham navbatdagi transferlar rasmiylashtirildi va qiziqarli transfer mish-mishlari tarqaldi. Quyida 10 ta asosiy yangilikdan iborat transfer dayjesti keltiriladi.

«Fenerbahche» tarkibini yanada kuchaytirdi

Turkiya klubi — bu yozda transfer bozoridagi asosiy o‘yinchilardan bo‘lmoqda. «Fener» bungacha Edin Jyeko, Sebastyan Shimanskiy, Rayan Kenta va yana bir qancha yangi futbolchilarni safiga qo‘shib olgandi, lekin bu bilan to‘xtamadi.

Endi Dushan Tadich ham Turkiya chempionatida javlon uradigan bo‘ldi. «Ayaks» bilan yana bir yillik shartnomasi bo‘lgan 34 yoshli serb avvaliga rahbariyatdan o‘zini qo‘yib yuborishni so‘radi, keyin erkin agent sifatida «Fenerbahche»ga o‘tdi. Tomonlar ikki yillik shartnoma bo‘yicha kelishishgan. Futbolchi yangi klubida 10-raqamli futbolkani oldi.

De Telegraaf xabariga ko‘ra, sardor Amsterdam klubining transfer siyosatidan norozi bo‘lgan. Ushbu serb «Ayaks»ning 2018/19 yillar mavsumida YeChL yarimfinalida o‘ynagan tarkibidan qolgan so‘nggi futbolchi edi.

Nufuzli insayder Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, «Fenerbahche» Dominik Livakovichni ham transfer qilishga hozirlanmoqda. Jahon chempionati pley-off bosqichida penaltilar seriyalaridagi qahramonliklari bilan Xorvatiyani yarimfinalgacha olib borgan darvozabon qishdayoq top-klubga o‘tishi kutilgandi. Ammo Livakovich Zagrebning «Dinamo» klubida qoldi va endi Turkiyaga yo‘l oladi. Xorvatlar klubi ushbu 28 yoshli futbolchi uchun 9 mln yevro ishlab oladi.

«Chelsi» yana bir yosh braziliyalikni sotib oldi

London klubiga bu safar «Santos»dan 18 yoshli hujumchi Anjyelo Gabriel kelib qo‘shildi. Iste’dodli futbolchi bilan besh yillik shartnoma tuzilgan, transfer qiymati esa 15 mln yevroni tashkil etadi. Ushbu yigitcha hali yorqin o‘yinlar ko‘rsatmagan — joriy mavsumda u barcha turnirlar doirasida 21 o‘yinda qatnashib, atigi ikki gol urgan. Ammo shu ko‘rsatkich «Chelsi» uni sotib olishi uchun yetarli bo‘ldi.

«PSJ» o‘zining yosh yulduzini qaytarib oldi

Gap Ksavi Simons haqida bormoqda, bir necha yil oldin uni bo‘lajak superyulduz sifatida qarashardi. Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, Parij klubi qayta sotib olish huquqi to‘g‘risidagi bandni ishga tushirgan va 20 yoshli yarimhimoyachini qaytarish uchun PSV klubiga 6 mln yevro o‘tkazib bergan.

Lekin aftidan Simonsning sarguzashtlari bu bilan yakunlanmaydi. Romanoning yozishicha, Ksavi «RB Leypsig» klubiga ijaraga berilishi kutilmoqda. Futbolchiga ko‘p klublar da’vogar bo‘lgan, ammo aynan nemislar klubi bu poygada ildamlik qilgan. Agar Neymar va Kilian Mbappe bu yozda «PSJ»da qolishsa, Simons ijaraga berilishi aniq bo‘ladi.

Keynga da’vogar faqat «Bavariya» emas

Angliya milliy jamoasi va «Tottenhem» klubi yetakchisi «PSJ» short-listida qayd etilgani ma’lum bo‘ldi. The Telegraph xabar berishicha, Parij klubi hujum markaziga futbolchi olib kelmoqchi va bir necha futbolchilar variantini ko‘rib chiqmoqda, ammo aynan Harri — favorit. Fransuz klubi prezidenti Nosir Al-Hilayfiy «Tottenhem» bilan dastlabki muzokaralarni o‘tkazgan va Keynga eng yaxshi taklifni bera olishiga ishonchi komil. Shu bilan birga, 29 yoshli ingliz hujumchisining sotib olinishi Mbappe klubda qolish yo qolmasligiga bog‘liq bo‘lmaydi. Umuman olganda, endi barchasini Keynning o‘zi hal qiladi.

«PSJ» «Yuventus» hujumchisi uchun ham katta pul to‘lashga tayyor

Parij klubi hujum chizig‘ini butunlay yangilashi uchun ikkinchi nomzod. Alfredo Pedullaning tasdiqlashicha, «PSJ» «Yuventus»ga Dushan Vlahovich uchun bonuslar bilan qo‘shganda 90 mln yevro to‘lashga tayyor, 23 yoshli serbning o‘zi esa yiliga 9 mln yevro miqdoridagi maosh bilan ta’minlanadi.

Keyn bilan bog‘liq holatda bo‘lgani kabi «PSJ» dastlabki muzokaralarni o‘tkazgan, ammo hozircha faqat Vlahovichning atrofidagilar bilan. Klubga rasmiy taklif hali yuborilmagan. «Yuve» ham kutishga tayyor, ammo uzoq emas, chunki «Chelsi» Romelu Lukakudan tezroq qutulmoqchi va ushbu belgiyalikni aynan Turinda kutishmoqda.

«MYu» «Bavariya» yulduzini nishonga oldi

Leon Goretska kutilmaganda Angliya chempionatida paydo bo‘lishi mumkin. Sky Sport Germany xabariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» ushbu 28 yoshli yarimhimoyachiga qiziqish bildirgan, ammo futbolchini Yevropaning yana bir necha top-klublari o‘z safida ko‘rishni istamoqda.

Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, «Bavariya» agar 40–50 mln yevro miqdoridagi taklif kelib tushsa, ushbu futbolchisini qo‘yib yuborishi mumkin. Gap shundaki, jamoa bosh murabbiyi Tomas Tuxel yarimhimoya chizig‘ida Konrad Laymer va Yozua Kimmihdan foydalanmoqchi, shuning uchun Leonga asosiy tarkibdan joy topilmasligi mumkin. Shu bilan birga, Goretskaning o‘zi Myunxendan ketmoqchi emas, ammo agar zaxirada qoldirilsa, uning bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarishi tayin.

«Barsa» hafta o‘rtasigacha uch nafar futbolchisidan qutulmoqchi

AS nashri kataloniyaliklar klubining ulkan rejasi haqida yozdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, «Barsa» 19 iyul kuniga qadar yarimhimoyachi Frank Kessiye, qanot himoyachisi Serjino Desta va markaziy himoyachi Kleman Langleni sotishni ko‘zlagan. Ushbu futbolchilar uchun talab ham mavjud: Kessiye bo‘yicha «Yuventus» bilan muzokaralar olib borilmoqda, Dest «Ayaks»ga qaytishi mumkin, Langle esa — yana «Tottenhem»ga ijaraga berilishi kutilmoqda. Ammo vaqt kam qolgan.

Mane Firmino bilan emas, Ronaldu bilan jamoadosh bo‘lishi mumkin

Saudiya klublari avvaliga Yevropadagi yulduzlarni bittalab «ov» qilishgandi, endi esa haqiqiy transfer poygasini uyushtirmoqda. Sadio Mane uchun dastlab «Al-Ahli» da’vogarlik qilayotgandi, bu klub ushbu futbolchining «Liverpul»dagi ko‘p yillik jamoadoshi Roberto Firmino bilan shartnoma tuzgan. Xabar qilishlaricha, senegallik vingerga yiliga 20 mln yevrolik maosh taklif etishgan, ammo bu bilan ish hal bo‘lmagan.

Endi Mane uchun yana bir klub kurashga qo‘shilgan. Krishtianu Ronaldu o‘ynayotgan «An-Nasr» klubi ayni vaqtda 31 yoshda bo‘lgan Sadio uchun 25 mln yevro miqdorida yillik maosh taklif qilmoqda. Bu haqda Nikolo Shira xabar bergan. Mane «Bavariya»ning yangi mavsum uchun rejalaridan o‘rin olmagan va saudiyaliklar bilan muzokaralar ketmoqda.

Mahrez ham Saudiya Arabistoniga ketmoqchi

«Manchester Siti» havbegi Riyoz Mahrez «Al-Ahli» klubiga o‘tishga yaqin. «Al-Riyoz» nashri xabar berishicha, klublar o‘rtasida 32 yoshli jazoirlik transferi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda. Gap 30 million funt sterling miqdoridagi tovon puli haqida bormoqda.

Jurnalist Ben Jyeykobs ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni klubi «Manchester Siti» bilan faol muzokaralar bosqichida, ammo hozircha transfer bo‘yicha kelishuvga erishilmagan. Mahrezning o‘zi esa Saudiya Arabistoniga ketishni istamoqda, bu yerda unga yiliga 25 million funt to‘lash va’da qilingan.

Jazoirlik futbolchining amaldagi shartnomasi 2025 yilga qadar mo‘ljallangan. «Al-Ahli»dagilar Mahrez jamoaning asosiy yulduzi bo‘lishidan umid qilmoqda. Jamoa bungacha «Chelsi» darvozaboni Eduar Mendi va «Liverpul» hujumchisi Roberto Firminoni o‘z safiga qo‘shib olgandi.

«Chelsi» JCh-2022 yulduzi uchun kurashga qo‘shildi

Randal Kolo Muani Fransiya milliy jamoasi safida Qatardagi mundialda yorqin o‘yin ko‘rsatganidan keyin top-klublar radarlariga tushgandi. U uchun kurash qishdan buyon davom etmoqda, endi poyga ishtirokchilari soni bittaga ko‘paydi. Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, «Ayntraxt»ning 24 yoshli hujumchisiga Maurisio Pochettino bosh murabbiylikka olib kelingach, qayta qurish jarayonini boshlagan «Chelsi» ham da’vogarlik qilmoqda. Futbolchi uchun «Manchester Yunayted», «Bavariya» va «Tottenhem» klublari ham raqobatlashadi.

Mavzuga oid