2022 yil 26 fevral. Ukrainaga Rossiya bosqinining uchinchi kuni. Rossiyaning Kiyevni 72 soatda egallash rejasi allaqachon barbod bo‘lgan, lekin frontda muvozanat bir tomondan boshqasiga o‘tib turardi.

Ruslar Gostomelga harbiy texnika va qurollangan desant tushira olmadi, ammo ular Chernihiv atrofini tezda o‘rab olib Sumi oblasti tomon ilgarilayotgan va Kiyevga yaqinlashib borayotgandi. Ukraina hukumati odamlarni vahimaga tushmaslikka undayotgan bo‘lsa-da, hukumat ichida Dniprodan Kiyevga o‘tadigan barcha ko‘priklarni portlatib yuborish masalasi muhokama qilinayotgandi. Bu ko‘priklar portlatilsa, rus qo‘shinlarini tabiiy to‘siq orqali to‘xtatib, ular hukumat binolari joylashgan kvartallarga kirishiga to‘siq bo‘lish mumkin edi. Muhokamalardan keyin Ukraina hukumatidagi yuqori martabali mulozim o‘sha vaqtdagi Ukraina xavfsizlik xizmati raisi bo‘lgan Ivan Bakanovga telefon qilib, ko‘priklarni portlatishni talab qiladi.

Vaziyat juda jiddiy bo‘lgani bois, Bakanov mustaqil qaror qabul qilmay, Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga qo‘ng‘iroq qilib, mana bunday sovuqqon javob eshitadi: «Ko‘priklarni portlatish? Aslo! Bu narigi sohildagilarga xiyonat bo‘ladi».

Bugun xaritalar bilan to‘lgan, sigaret tutuni burqsib turgan bunkerda uch kun uxlamagan Zalujniy qabul qilgan qaror to‘g‘ri bo‘lgani ko‘rinib turibdi. Keyinchalik Zalujniyning to‘g‘ri qarorlari Ukraina armiyasiga nafaqat Kiyevni saqlab qolish, balki ruslarni mamlakat shimolidan siqib chiqarib, Xarkiv yo‘nalishida muvaffaqiyatli qarshi hujum amalga oshirish va nihoyat Xersonni qaytib olish imkonini berdi.

Valeriy Zalujniy mamlakatda urushning, vatan himoyasining ramziga aylandi. Unga atab qo‘shiqlar aytilmoqda, ko‘chalar nomlanmoqda. «Dunyoning ikkinchi armiyasi»ga muvaffaqiyatli qarshi tura olgan Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Time nashrining dunyodagi eng ta’siri katta 100 insoni reytingidan o‘rin oldi. Zalujniy borgan sari ukrain mudofaasi ramziga aylanib bormoqdaki, yaqinda uning yaralangani haqida tarqalgan feyk xabar Rossiya media olamining eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri bo‘ldi.

General Zalujniyning obro‘si oshib borayotgani endi u qurolli kuchlardan tashqaridagi masalalarga ham ta’sir ko‘rsata olishi haqida gapirishga asos bo‘lmoqda. Shunga qaramay, Ukrainada ham uning shaxsiyati haqida turli qarashlar mavjud. Zalujniy fuqarolar orasida haddan tashqari mashhur bo‘lishiga qaramay, undan qo‘rqadigan va hatto yomon ko‘radigan ukrainlar ham bor.

BBC Zalujniyning hayot yo‘liga nazar tashlab, uning kelajagi qanday bo‘lishi mumkinligini tahlil qildi.