«Volgadagi burlaklar» va bir qator asarlari bilan mashhur bo‘lgan rassom Ilya Repin (1844–1930) oktyabr inqilobidan so‘ng Rossiya imperiyasidan mustaqillikka erishgan Finlandiyadagi yerlarida qolishga qaror qiladi va Rossiyaga qaytishni rad etadi.

Repinning huzuriga sovetlarning choparlari birin-ketin kelib, «chol»ga o‘z fikrini o‘zgartirishi uchun ta’sir ko‘rsatishning yangidan yangi usullarini (hisobotlarda shunday yozishgan) sinab ko‘rishadi. Repin chaqirilmagan mehmonlarni doim quvib solgan, ko‘pincha yoshi o‘tib qolganini bahona qilgan.

Rassomni o‘z tomoniga og‘dira olmaganidan so‘ng bolsheviklar uning o‘g‘li Yuriyga ta’sir o‘tkaza boshlashadi. 1926 yil avgustida Finlandiya markaziy izquvar politsiyasi tayyorlagan hisobotda «bolsheviklar nihoyat Repinning o‘g‘lini o‘z tomoniga og‘diradi va Yuriy Repin Rossiyaga yo‘l oladi», deb yozilgan.

Ilya Repinning «Volgadagi burlaklar» asari.

Yuriy sovet ittifoqiga baribir ketmaydi. Biroq Ilya Repinning nevarasi Diy bolsheviklar tomonidan va’da qilingan yaxshi hayotga uchadi va 1935 yil bahorida SSSRga yashirincha qochib o‘tadi. Pochta idorasi arxivida Yuriy Repinning shaxsan Iosif Stalinga o‘z o‘g‘li taqdirini surishtirib berishni so‘rab yo‘llagan xati ham bor.

«Sizdan shu yil fevral oyi oxirida SSSRga o‘z baxtini izlash uchun ixtiyoriy tarzda chiqib ketgan (o‘g‘lim) Diy Yurevich Repin haqida ma’lumot berishingizni so‘rayman. Agar uni unutishgan bo‘lsa yoki u og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bo‘lsa, unga yordam berishni so‘rayman», — deyilgan xatda.

Diyning taqdiri noma’lumligicha qolgan. Faqat SSSR parchalangach uning taqdiriga oydinlik kiritiladi. U 1935 yil avgustidayoq «SSSRning oliy rahbarlariga qarshi teraktlar uyushtirish niyati uchun» otib tashlangan edi. O‘shanda u bor-yo‘g‘i 28 yoshda bo‘lgan.

Endi Diy nega bu ishga qo‘l urgani haqida.

Bir necha yil davomida Diy Shvetsiya kemalarida dengizchi bo‘lib ishlagan. Bu davrda u kuchli, qo‘rqmas va mustaqil insonga aylangan. 1929 yilda u onasi og‘ir betobligi tufayli otasini qo‘llab turish uchun kemadan tushgach, onasi, bobosi va ammasining o‘limiga guvoh bo‘ladi…

Ijodiy muhitda tarbiya topgan Diy bolaligidan mo‘’jaz atmosferani simirgan, rassomlik kasbini tanlash fikri vaqti-vaqti bilan yigitchani bezovta qilib turardi.